Logo

Islom sivilizatsiyasi markazi - O‘zbekistonning dunyodagi yangi tashrif qog‘ozi

Mart 27, 2026. 12:33 • 3 daq

46
Islom sivilizatsiyasi markazi - O‘zbekistonning dunyodagi yangi tashrif qog‘ozi

BERLIN, 27-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Dilshod Axatov Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi ochilishi munosabati bilan nufuzli nemis nashri “Hauptstadtecho”ga intervyuberdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Intervyuda ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston nafaqat iqtisodiy va siyosiy islohotlari, balki madaniy-gumanitar sohadagi keng ko‘lamli tashabbuslari bilan ham xalqaro hamjamiyat e’tiborini tortmoqda. Toshkentda barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi eng muhim loyihalardan biri hisoblanadi.

Elchi ushbu majmuaning shunchaki bino emas, balki mamlakatning ming yillik boy ilmiy va madaniy merosini aks ettiruvchi ilmiy-ma’rifiy va tadqiqot markazi ekanini ta’kidladi. Markaz zamonaviy muzey bo‘lib, ilg‘or raqamli texnologiyalardan foydalangan holda yaratilgan.

Dilshod Axatov IX–XIV asrlarda O‘zbekistonda Ibn Sino, Al-Xorazmiy, Al-Beruniy, Mirzo Ulug‘bek kabi buyuk allomalar ijod qilganini alohida qayd etdi. Ularning ilmiy ishlari “Algoritm”, zamonaviy tibbiyot asoslari kabi fundamental tushunchalarning asosini tashkil etgan.

Suhbatda aytilishicha, O‘zbekiston mazkur markaz orqali qadimiy madaniy ildizlarga tayangan holda “Uchinchi Renessans”ni barpo etayotgani, umumiy ilmiy va madaniy merosni dunyoga tanitishga va kelajak avlodlarga yetkazishga intilayotgani ta’kidlandi.

Markazning asosiy vazifasi ilm-fanni targ‘ib qilish, islom dini tinchlik, ilm-fan va insonparvarlik dini ekanini namoyish etish va ma’rifatning barcha davrlarda taraqqiyotning asosi ekanini ko‘rsatishdir.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning markaz qurilish maydoniga tashrifi va yuksak bahosi loyihaning xalqaro miqyosda e’tirof etilganidan dalolat beradi.

Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, markazda YUNYESKO, TURKSOY va AYSYESKO kabi nufuzli tashkilotlar ofislari joylashtirilgan bo‘lib, bu uni xalqaro muloqot uchun global maydon sifatidagi maqomini oshiradi.

Shuningdek, xorijdan madaniy boyliklarni qaytarish masalasi ham muhokama qilindi. Buyuk Britaniyadagi “Sotheby’s” va “Christie’s” auksionlaridan sotib olingan Amir Temur va Bobur davriga oid 580 dan ortiq qo‘lyozmalar O‘zbekistonga qaytarilgani milliy o‘zlikni tiklashda muhim qadam bo‘ldi.

Markaz zallarida jahon sivilizatsiyasining noyob eksponatlari, shu jumladan Xalifa Usmon Mus’hafi va Qur’onning nodir nusxalari namoyish etilmoqda. Bu Markazni butun dunyo olimlari uchun eng muhim ilmiy va tadqiqot markaziga aylantiradi.

Elchi ta’kidlaganidek, islom nafaqat diniy ta’limot, balki tibbiyot, astronomiya, matematika va falsafaning rivojlanishiga hissa qo‘shgan intellektual an’ana hisoblanadi. Markaz loyihalashtirilishida 40 dan ortiq davlatdan 1500dan ziyod ekspertlar ishtirok etgan, bu xalqaro hamkorlikning yuksak darajasini ko‘rsatadi.

Suhbat so‘nggida markaz barcha uchun ochiq ekani, shuningdek, chet ellik sayyohlar va mutaxassislar, jumladan Germaniya uchun ham Yevroosiyoning asosiy intellektual markazlaridan biriga aylanishi mumkinligi alohida ta’kidlandi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish