Logo

Berlin markazida o‘zbek karnay-surnaylari yangradi

Mart 27, 2026. 09:19 • 2 daq

26
Berlin markazida o‘zbek karnay-surnaylari yangradi

BERLIN, 27-mart. /“Dunyo” AA/. Germaniya poytaxti markazida Navro‘z ayyomi munosabati bilan xalqaro festival bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu tadbir turli millat va madaniyat vakillarini birlashtirgan yirik madaniy platformaga aylandi. Unda YUNYESKO tomonidan insoniyatning nomoddiy madaniy merosi sifatida e’tirof etilgan Navro‘zning umuminsoniy ahamiyati keng namoyish etildi.

O‘zbekistonning boy madaniyati va san’ati “San’at – Forum für Kunst, Kultur und Wissenschaft e.V.” jamiyati tomonidan mahorat bilan taqdim etildi. Tadbirning ochilish marosimida yangragan milliy karnay-surnay sadolari nemis jamoatchiligi va sayyohlarni o‘ziga maftun etdi.

Festival doirasida O‘zbekiston davlat filarmoniyasi huzuridagi “Milliy meros” jamoasi san’atkorlarining chiqishlari hamda taniqli raqqosa Malika Haydarova tomonidan o‘tkazilgan Farg‘ona uslubidagi o‘zbek raqsi mahorat darslari tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘ldi.

Bayram dasturidan joy olgan interfaol mashg‘ulotlar – varrak yasash, jamalak o‘rash va gulchambar to‘qish kabi o‘zbek milliy an’analari bolalar va kattalarda katta taassurot qoldirdi.

“Asosiy maqsadimiz O‘zbekistonning boy madaniyati va san’atini dunyo sahnasiga olib chiqish. “Berlin saroyi”da yangragan o‘zbek navolari barchaning qalbini larzaga keltirdi. Ko‘pchilik mehmonlar milliy kiyimlar va urf-odatlarimizdan hayratda ekanini bildirib, tez orada yurtimizni borib ko‘rish istagini bildirdi. Bu kabi tadbirlar O‘zbekistonni global miqyosda tanitishda keng imkoniyatdir”, deydi festival tashkilotchisi, “San’at – Forum” jamiyati rahbari Zuhra Rahmatova.

Tadbir mehmonlari o‘zbek milliy taomlari, musiqasi va mehmondorchilik an’analari orqali yurtimizning tinchlik va hamjihatlik muhitini his qildi. Eng muhimi, Navro‘z tantanalari Germaniya jamoatchiligi bilan madaniy aloqalarni mustahkamlashda muhim bosqich bo‘ldi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish