O‘zbekiston va Vengriya hududlararo aloqalarni rivojlantirmoqda
Mart 27, 2026. 10:24 • 2 daq
• 73
BUDAPESHT, 27-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Oybek Shaxavdinov boshchiligidagi delegatsiya Vengriyaning shimoli-sharqidagi Sabolch-Satmar-Bereg provinsiyasiga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Sabolch-Satmar-Bereg Vengriyaning asosiy qishloq xo‘jaligi va logistika hududlaridan biri hisoblanadi. Mintaqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, jumladan olma, olxo‘ri, makkajo‘xori va bug‘doy yetishtirishda muhim rol o‘ynaydi, shuningdek, bog‘lari va qayta ishlash sanoati bilan mashhur.
Tashrif davomida mintaqa rahbariyati, assambleya va provinsiya Savdo-sanoat palatasi vakillari bilan muzokaralar olib borildi. Shuningdek, Vengriya ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida “O‘zbekiston bilan savdo va investitsiyaviy hamkorlik istiqbollari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Muloqot chog‘ida tomonlar Andijon viloyati va Sabolch-Satmar-Bereg mintaqasi o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, iqtisodiyotning turli sohalarida qo‘shma loyihalarni ishga tushirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.
Mintaqa rahbariyati O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar hududlararo hamkorlikni rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratayotganini qayd etdi. Shu o‘rinda, mamlakatimiz delegatsiyasining tashrifi amaliy hamkorlikni mustahkamlash va sheriklikning yangi yo‘nalishlarini ochishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli ekani alohida taʼkidlandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi