Venesueladagi zilzilalar qurbonlari soni 5 ming kishidan oshdi
Iyul 19, 2026. 11:50 • 2 daq
• 125
KARAKAS, 19-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘tgan oyda Venesuelaning Karib dengizi sohillarida yuz bergan ikkita kuchli zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni 5 ming 119 kishiga yetdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Bloomberg” agentligiga tayanib.
Venesuela Milliy assambleyasi (parlamenti) raisi Xorxe Rodrigesning maʼlum qilishicha, yana 16 ming 740 kishi turli darajada jarohat olgan.
Vayron bo‘lgan binolarni tozalash ishlari davom etayotgani hamda qutqaruv guruhlarining ilgari borish qiyin bo‘lgan hududlarga kirib borishi natijasida qurbonlar soni ortib bormoqda.
Magnitudasi 7,2 va 7,5 ga teng bo‘lgan zilzilalar 24-iyun kuni bir daqiqalik farq bilan sodir bo‘lgan edi. Tabiiy ofat Karakasdan shimolda joylashgan La-Guayra shtatiga keng ko‘lamli talafotlar yetkazdi. Ushbu hududda Venesuelaning bosh xalqaro aeroporti, yirik dengiz porti va yuzlab ko‘p qavatli turar joy binolari joylashgan bo‘lib, ularning aksariyati qisman yoki butunlay vayron bo‘lgan.
Rasmiy maʼlumotlarga ko‘ra, asosiy zilzilalardan keyin yana 1300 dan ortiq yer silkinishlari (aftershoklar) qayd etilgan. Hozirda 20 mingga yaqin kishi boshpanasiz qolmoqda, ularning aksariyati toza suv va sanitariya sharoitlari yetarli bo‘lmagan gavjum vaqtinchalik lagerlarda kun kechirmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi