Qatar Eronga qarshi ehtimoliy harbiy amaliyotda ishtirok etishi haqidagi xabarlarni rad etdi
Iyul 17, 2026. 18:30 • 2 daq
• 144
DOHA, 17-iyul. /“Dunyo” AA/. Qatar Isroil ommaviy axborot vositalarining Doha go‘yoki Eronga qarshi harbiy harakatlarda qatnashishga rozi bo‘lgani haqidagi xabarlarini qatʼiyan rad etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Al Jazeera”ga tayanib.
Qatar Xalqaro media-ofisi bayonotida aytilishicha, bu daʼvolar Qatarni mojaroga tortishga, uning vositachilikdagi muhim rolini zaiflashtirishga hamda mintaqani yana-da keskinlik va tartibsizlikka undashga urinayotgan shaxslar tomonidan tarqatilmoqda.
Dohaning maʼlum qilishicha, AQSH va Eron o‘rtasidagi mojaro boshlanganidan buyon Qatar qo‘shni davlatlarga qarshi har qanday harbiy harakatlarda ishtirok etmagan va ishtirok etmaydi, deb bir necha bor bayonot bergan.
“Qatar barcha tomonlarning manfaatlarini inobatga oladigan keng qamrovli va barqaror kelishuvga erishish uchun mintaqaviy va xalqaro hamkorlar bilan kelishilgan holda vositachilik rolini bajarishda davom etadi”, – deyiladi bayonotda.
Ayni paytda Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I va uning pokistonlik hamkasbi Isʼhoq Dar Shanxaydagi uchrashuv chog‘ida jangovar harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish hamda Vashington va Tehron o‘rtasidagi muzokaralarni tezroq qayta tiklash tarafdori ekanini bildirdi.
“Tomonlar mojaro ishtirokchilarini dushmanlik harakatlarini zudlik bilan bas qilishga, qiyinchiliklarni yengishga, to‘siqlarni bartaraf etishga, aloqa va muloqotni qayta tiklashga, muzokaralar yo‘li bilan keng qamrovli tinchlik bitimi tuzishga intilishga chaqirdi”, – deyiladi Xitoy TIV bayonotida.
Avvalroq, Eron va AQSH Pokiston vositachiligida mojaroni to‘xtatish hamda uzoq muddatli tinchlik bitimiga erishishga qaratilgan o‘zaro anglashuv memorandumini imzolagan edi. Biroq so‘nggi kunlarda tomonlar o‘zaro zarbalar almashgan Hormuz bo‘g‘ozi atrofidagi vaziyat fonida keskinlik yana kuchaydi.
Deeskalatsiya bo‘yicha diplomatik chaqiriqlarga qaramay, AQSH va Eron o‘rtasida zarbalar almashinuvi davom etmoqda. Vashington Eronning infratuzilma obyektlari va portlariga zarba bermoqda, Tehron esa qo‘shni davlatlardagi, jumladan, Qatardagi Amerika harbiy obyektlariga hujum qilmoqda.
Eron tomoni maʼlumotlariga ko‘ra, 22-iyundan buyon AQSHning mamlakat hududiga bergan zarbalari oqibatida 38 kishi halok bo‘lgan, 400 dan ortiq kishi jarohatlangan.
Mojaro Iroq Kurdistoniga ham taʼsir ko‘rsatdi. Kurd manbalariga ko‘ra, bugun Sulaymoniya shahrida uyushtirilgan zarba natijasida kurd qurolli muxolif guruhining sakkiz nafar aʼzosi halok bo‘lgan. Kurd kuchlari vakillari hujumda Eronni ayblagan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi