O‘zbekiston Sarmishsoy petrogliflarini YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritish uchun nominatsiya tayyorlamoqda

Noyabr 15, 2026. 09:10 • 2 daq

• 3
O‘zbekiston Sarmishsoy petrogliflarini YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritish uchun nominatsiya tayyorlamoqda
O‘zbekiston Sarmishsoy petrogliflarini YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritish uchun nominatsiya tayyorlamoqda

PARIJ, 15-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston vakillari xalqaro ekspertlar bilan birgalikda “Sarmishsoy petrogliflari” nominatsiyasini YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritish uchun tayyorlash istiqbollarini muhokama qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Onlayn-uchrashuv O‘zbekistonning YUNESKO huzuridagi Doimiy vakolatxonasi tashabbusi bilan o‘tkazildi. Unda G‘arbiy Avstraliya universiteti arxeologiya professori, IKOMOSning Qoya tosh san’ati bo‘yicha xalqaro ilmiy qo‘mitasi prezidenti Bendjamin Smit ishtirok etdi.

Muhokamalarda, shuningdek, O‘zbekistonning YUNESKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiyasi, Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi, Madaniy meros agentligi, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi hamda Navoiy viloyati hokimiyati vakillari qatnashdilar.

Navoiy viloyatida joylashgan Sarmishsoy mamlakatning eng mashhur qoyatosh san’ati yodgorliklaridan biridir. Uning ko‘plab petrogliflari mintaqa qadimiy aholisining turli tarixiy davrlari va madaniy an’analarini o‘zida aks ettirib, Markaziy Osiyo merosini o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Uchrashuv davomida Sarmishsoy qoyatosh tasvirlarining madaniy qiymati va hududning tabiiy xususiyatlarini o‘zida birlashtirgan holda aralash butunjahon merosi obyekti sifatida taqdim etish imkoniyati ko‘rib chiqildi.

Bendjamin Smit yodgorlikning salmoqli tarixiy-madaniy salohiyatini qayd etdi. Shu bilan birga, ekspert aralash nominatsiyani asoslash uchun hududning tabiiy xususiyatlarini qo‘shimcha ravishda o‘rganish zarurligini ta’kidladi.

Ishtirokchilar YUNESKOning Butunjahon merosi to‘g‘risidagi konvensiyasi talablariga alohida e’tibor qaratdilar. Xususan, qiyosiy tahlil o‘tkazish, chegaralar va bufer zonalarni belgilash, obyektni boshqarish rejasini ishlab chiqish hamda petrogliflarning uzoq muddatli saqlanishini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar ilmiy materiallar almashish, qo‘shimcha ekspert maslahatlashuvlarini o‘tkazish va uzoq muddatli hamkorlik formatlarini belgilash kabi qo‘shma ishlarni davom ettirishga kelishib oldilar.

Nominatsiya hujjatlarini tayyorlash xalqaro talablar va YUNESKO ekspertlarining tavsiyalarini hisobga olgan holda davom ettiriladi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish