“London Post”: TIIF-2026 jahon yetakchilari, investorlar va siyosatchilarni bir maydonga jamlaydi

Iyun 14, 2026. 16:30 • 3 daq

20
“London Post”: TIIF-2026 jahon yetakchilari, investorlar va siyosatchilarni bir maydonga jamlaydi

LONDON, 14-iyun. /“Dunyo” AA/. Britaniyaning mashhur “London Post” axborot portalida Toshkent xalqaro investitsiya forumiga bag‘ishlangan tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda yozilishicha, joriy yilning 16–18-iyun kunlari O‘zbekiston mamlakatning asosiy investitsiya platformasi va mintaqadagi eng yirik tadbirlardan biri bo‘lgan Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TIIF-2026)ga mezbonlik qiladi.

Beshinchi bor o‘tkazilayotgan ushbu forumda davlat rahbarlari, moliya vazirlari, suveren investorlar, korporatsiyalar rahbarlari va taraqqiyot bo‘yicha hamkorlar ishtirok etadi.

Uch kunlik tadbirda 2 mingdan ortiq delegat qatnashishi kutilmoqda. Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, bu Markaziy Osiyodagi eng yirik sarmoyaviy va iqtisodiy tadbirlardan biri bo‘ladi. Forum O‘zbekistonning investitsiyalar, savdo, innovatsiyalar va barqaror rivojlanish bo‘yicha mintaqaviy markaz sifatida ortib borayotgan rolini namoyish etishga qaratilgan.

Energetikaga bag‘ishlangan maxsus sho‘bada O‘zbekistonning 2030-yilga borib qayta tiklanadigan energiya manbalari ulushini 40 foizga yetkazish maqsadi ko‘rib chiqiladi. Bu maqsad 12 GVt quvvatga ega quyosh va shamol energetikasini rivojlantirish rejasi, shakllanayotgan atom energetikasi dasturi hamda “yashil” vodorod salohiyati bilan mustahkamlanadi.

Muhim foydali qazilmalarga bag‘ishlangan muhokamalarda tog‘-kon sanoatida shaffoflik tashabbusi ekspertlar guruhi tomonidan tahlil qilinadi. O‘rta yo‘lak deb ataluvchi Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagi global savdo tizimidagi parchalanishlar sharoitida strategik muqobil yo‘nalish sifatida atroflicha o‘rganiladi.

Asosiy tadbirlardan biri Toshkent xalqaro moliya markazining rasmiy taqdimoti bo‘ladi. “Frankfurt Main Finance”, “BlackRock”, “Qatar Financial Centre” va “Franklin Templeton” kabi nufuzli tashkilotlar vakillari ishtirokida moliya markazining global raqobatbardoshligini belgilovchi omillarga bag‘ishlangan panel muhokamasi o‘tkaziladi.

Forum doirasida AQSH, Janubiy Koreya, Turkiya, Germaniya, Saudiya Arabistoni va Xitoy vakillari ishtirokida ixtisoslashtirilgan biznes-forumlar ham bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, kun tartibidan raqamli transformatsiya ham muhim o‘rin olgan bo‘lib, unda sun’iy intellekt, raqamli boshqaruv, kiberxavfsizlik, fintex ekotizimlari va texnologiyalarga asoslangan investitsiyalarning kelajagi kabi masalalar ko‘rib chiqiladi.

Maqolada ta’kidlanishicha, qariyb 6 ming kvadrat metr maydonni egallagan ko‘rgazmada O‘zbekiston iqtisodiyotining neft-kimyo, mashinasozlik, farmatsevtika va oziq-ovqat sanoati kabi o‘ndan ortiq sohasidagi investitsiyaviy imkoniyatlar va yirik loyihalar namoyish etiladi.

Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, ushbu forum O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi yetakchi investitsiya manzili sifatidagi mavqeini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish