O‘zbekiston delegatsiyasi Polshada veterinariya nazorati va eksport imkoniyatlarini o‘rganmoqda

Iyul 23, 2026. 09:00 • 2 daq

144
O‘zbekiston delegatsiyasi Polshada veterinariya nazorati va eksport imkoniyatlarini o‘rganmoqda

VARSHAVA, 23 iyul. /“Dunyo” AA/. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi vakili Abror Akbarov boshchiligidagi delegatsiya Polshada tashkil etilgan qator tadbirlarda ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Delegatsiya aʼzolari parranda, baliq hamda boshqa turdagi go‘sht mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksport qilishga ixtisoslashgan qator yirik korxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Tashrif doirasida vakillarimiz Polsha Bosh veterinariya inspeksiyasi rahbari Pavel Meyer bilan uchrashdi. Muzokaralar chog‘ida polyak tomoni inspeksiya dasturi, korxonalarni ko‘zdan kechirish tartibi, veterinariya nazorati tizimi, eksport qiluvchi korxonalarga qo‘yiladigan talablar, sertifikatlash jarayoni va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash mexanizmlari haqida maʼlumot berdi.

Uchrashuvda veterinariya, chorvachilik va oziq-ovqat sanoati sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish, Polshadan mamlakatimizga go‘sht mahsulotlarini eksport qilish masalalari ham muhokama qilindi.

Shuningdek, o‘zbek tadbirkorlarining o‘z tovarlari bilan Polsha va boshqa Yevropa Ittifoqi davlatlari bozorlariga kirishi uchun fitosanitariya, karantin hamda veterinariya talablari bo‘yicha maslahat va amaliy ko‘mak ko‘rsatish yuzasidan fikr almashildi.

O‘zbekiston tomoni respublikamizga import qilinadigan go‘sht mahsulotlarining “Halol” standartlariga to‘liq mos kelishini taʼminlash muhim ahamiyatga ega ekanini alohida taʼkidladi.

Shu munosabat bilan inspeksiyadan o‘tayotgan Polsha korxonalariga “Halol” mahsulotlarini ishlab chiqarish talablarini yaxshi biladigan O‘zbekiston mutaxassislarini jalb etish taklif etildi.

Mazkur tashabbus ishlab chiqarish jarayonini belgilangan meʼyorlar asosida tashkil etish, mahsulot sifatiga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash va isteʼmolchilar manfaatlarini to‘liq himoya qilishga xizmat qilishi qayd etildi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish