“Kazinform”: O‘zbekiston qurilish sanoati korxonalarini qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rmoqda

Iyul 05, 2026. 12:15 • 2 daq

37
“Kazinform”: O‘zbekiston qurilish sanoati korxonalarini qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rmoqda

OSTONA, 5-iyul. /“Dunyo” AA/. Qozog‘istonning “Kazinform” xalqaro axborot agentligida O‘zbekistonda iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada ta’kidlanishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekiston hukumati qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasida zarar ko‘rib ishlayotgan korxonalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 50 million dollar ajratishi ma’lum qilingan.

Yirik loyihalarni amalga oshirayotgan investorlar tomonidan import qilinadigan qurilish materiallarini qo‘shilgan qiymat solig‘idan (QQS) ozod qilish tashabbusi ilgari surilgan. O‘z navbatida, mahalliy korxonalar ham ushbu loyihalarga o‘z mahsulotlarini taklif etishga va agar QQS bo‘yicha imtiyozlar mahalliy tovarlarga ham tatbiq etilsa, munosib raqobatdosh bo‘lishga tayyor ekanini bildirgan.

Shu munosabat bilan davlat rahbari tegishli vazirlik va idoralarga mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini ko‘zda tutuvchi qaror loyihasini ishlab chiqish topshirig‘ini bergan.

Materialda qayd etilishicha, bugungi kunda qurilish materiallari ishlab chiqaradigan 457 ta korxonaning qarzdorligi 3,5 trillion so‘mga (taxminan 290 million AQSh dollari) yetgan. Ushbu kompaniyalar mahsulotlarining tannarxi yuqori bo‘lgani sababli bozorda xaridor topishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda.

Shu sababli, mutasaddi idoralar rahbarlariga mazkur 457 ta korxonaning har biriga bevosita tashrif buyurib, ularni takomillashtirish dasturini ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan. Ajratilayotgan 50 million dollar miqdoridagi mablag‘ korxonalarning ishlab chiqarish quvvatini oshirish, xarajatlarni kamaytirish hamda bozorda xaridorgir bo‘lgan mahsulotlar turini ko‘paytirishga yo‘naltiriladi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish