Xitoydan munosabat: O‘zbekiston–Gruziya strategik sherikligi yangi taraqqiyot bosqichiga chiqmoqda
Iyul 05, 2026. 14:42 • 3 daq
• 39GUANCHJOU, 5-iyul. /“Dunyo” AA/. Guanchjou savdo instituti professori, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo tadqiqotlari markazi rahbari Szyan Lan “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2–3-iyul kunlari Gruziyaga amalga oshirgan davlat tashrifi yuzasidan fikr bildirdi:
– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Gruziyaga davlat tashrifi ikki tomonlama hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganini ko‘rsatdi. Tor va kengaytirilgan tarkibda o‘tgan oliy darajadagi muzokaralarning bosh siyosiy yakuni Strategik sheriklik munosabatlari to‘g‘risidagi deklaratsiyaning imzolanishi bo‘ldi.
Shunisi diqqatga sazovorki, muzokaralar o‘zining aniq va amaliy mazmunga egaligi bilan ajralib turdi hamda siyosiy muloqotdan tortib savdo, sarmoya, transport-tranzit, turizm va madaniy-gumanitar almashinuv sohalaridagi amaliy hamkorlikkacha bo‘lgan barcha yo‘nalishlarni qamrab oldi.
Muzokaralarning savdo-iqtisodiy yo‘nalishi yuqori darajada puxta ishlangani va belgilangan maqsadlarning ulkanligi bilan ajralib turdi. Tomonlarning yaqin yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish niyatigina emas, balki savdodagi tarkibiy nomutanosiblikni bartaraf etishga qaratilgan amaliy yondashuvi ham hayratlanarli. Bu muvozanatli va barqaror sheriklik modelini barpo etishga intilishdan dalolat beradi.
Qabul qilingan kompleks “Yo‘l xaritasi” xaridorgir mahsulotlar eksportini oshirishni nazarda tutadi va uni amalga oshirishning aniq mexanizmlarini belgilab beradi. Ishonchim komilki, aynan shunday tadbirlarning muntazam o‘tkazilishi ishbilarmonlik aloqalariga kuchli turtki berib, belgilangan marralarga erishishni taʼminlaydi.
Transport-logistika sohasida erishilgan kelishuvlar alohida eʼtiborga loyiq. O‘zbekiston tomoni ilgari surgan Boku–Tbilisi–Kars yo‘lagini loyihalashtirilayotgan Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘l magistrali bilan bog‘lash tashabbusi Yevroosiyoning tranzit salohiyatini sezilarli darajada mustahkamlashga qodir bo‘lgan, strategik jihatdan puxta o‘ylangan qadam sifatida ko‘rinmoqda.
Gruziya port infratuzilmasidan tizimli foydalanish to‘g‘risidagi qaror ham shunchalik pragmatik ko‘rinadi. Sanoat zonasi va O‘zbekiston mahsulotlari shourumiga ega logistika markazi loyihasini amaliyotga tatbiq etish Toshkent iqtisodiy diplomatiyasining umumiy bayonotlarga emas, balki Kavkazorti bozorlarida uzoq muddatli ishtirok etish uchun aniq tayanch nuqtalarini yaratishga qaratilganini aks ettiradi.
O‘zbekistonning Gruziya bilan ko‘p qirrali sheriklikni izchil yo‘lga qo‘yishi ikki tomonlama munosabatlarda o‘zaro ishonch va barqaror rivojlanish muhitini shakllantirishga obyektiv ravishda salmoqli hissa qo‘shmoqda. Tashrif davomida erishilgan kelishuvlar nafaqat ikki tomonlama, balki keng mintaqalararo ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro intilish mavjudligini ifodalaydi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


