Logo

Pokistonda Alisher Navoiy ijodi eʼtirof etildi

Fevral 09, 2026. 20:43 • 4 daq

6
Pokistonda Alisher Navoiy ijodi eʼtirof etildi
Pokistonda Alisher Navoiy ijodi eʼtirof etildi
Pokistonda Alisher Navoiy ijodi eʼtirof etildi
Pokistonda Alisher Navoiy ijodi eʼtirof etildi
Pokistonda Alisher Navoiy ijodi eʼtirof etildi
Pokistonda Alisher Navoiy ijodi eʼtirof etildi
Pokistonda Alisher Navoiy ijodi eʼtirof etildi

ISLOMOBOD, 9-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasida so‘z mulkining sultoni, o‘zbek adabiy tilining asoschisi, buyuk mutafakkir va davlat arbobi Mir Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligiga bag‘ishlangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir o‘tkazildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri. Unda Pokiston Madaniyat vazirligi huzuridagi Milliy til departamenti bosh direktori Salim Mazhar, Karachi shahridagi O‘zbekiston madaniyat markazi rahbari Nana Shahansha, Islomoboddagi Baxriya universiteti professori Adam Saud, NUML universiteti o‘qituvchisi Mahfuza Xasanova, ekspert-tahlil doira vakillari, OAV xodimlari va faol vatandoshlar ishtirok etdi Maʼnaviy-maʼrifiy tadbirni O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev qutlov nutqi bilan ochib berdi. U mamlakatimizda Alisher Navoiy merosini asrab-avaylash, buyuk mutafakkirning o‘zbek tilini rivojlantirishdagi bebaho o‘rni, Pokistonda Alisher Navoiy ijodini o‘rganish bo‘yicha qo‘shma dasturlarni amalga oshirish istiqbollari xususida atroflicha to‘xtalib o‘tdi. Ulug‘ ajdodimizning xalqimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida tutgan o‘rni, yaratuvchanlik va bunyodkorlik sohasidagi ezgu tashabbuslari alohida eʼtirof etildi. Maʼruzada buyuk shoirning o‘zbek va pokistonlik yoshlarning maʼnaviyatini yuksaltirishdagi ahamiyatiga alohida urg‘u berildi. Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi munosabati bilan O‘zbekistonda va mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan keng ko‘lamli adabiy-maʼrifiy tadbirlar o‘tkazilayotgani qayd etildi. Diplomatik vakolatxona rahbari Pokistonda Alisher Navoiy ijodini o‘rganish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalarga ham batafsil to‘xtalib o‘tdi. Xususan, 2021-yilda O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida Peshavor universiteti huzuridagi Mintaqaviy tadqiqotlar markazida “Alisher Navoiy tadqiqot markazi” tashkil etilgani taʼkidlandi. Mazkur markaz Navoiy merosini o‘rganish va pokistonliklar orasida keng targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Markazga O‘zbekiston elchixonasi tomonidan Alisher Navoiy asarlari, devonlari, nazmiy va nasriy to‘plamlari, shuningdek, shoir hayoti va ijodiga bag‘ishlangan kitoblar muntazam ravishda taqdim etilmoqda. Ushbu yo‘nalishdagi ishlar kelgusida yana-da kengaytirilishi maʼlum qilindi. Professor Salim Mazhar Navoiy Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari madaniyati hamda adabiyoti shakllanishiga doir o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. “Alisher Navoiy merosining jahon adabiyotiga taʼsiri hozirga qadar to‘liq ochib berilmagan mavzulardan biri hisoblanadi. Navoiyning ilmiy-adabiy merosi urdu adabiyoti va sheʼriyati shakllanishida muhim o‘rin tutadi. Bugungi kunda oldimizda turgan asosiy vazifa – xalqlarimiz o‘rtasida uzilib qolgan tarixiy rishtalarni qayta tiklashdan iborat. Bu borada Navoiy merosini birgalikda tadqiq etish juda muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zim rahbarlik qilayotgan departament nomidan o‘zbekistonlik navoiyshunos olimlar bilan Alisher Navoiy asarlarini urdu tiliga tarjima qilish yo‘nalishida hamkorlik qilishga tayyor ekanimizni bildiraman”, – dedi S. Mazhar. Karachi shahridagi O‘zbekiston madaniyat markazi rahbari Nana Shahansha O‘zbekiston xalqini buyuk mutafakkir va shoir Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi bilan tabrikladi. “Alisher Navoiy ijodi nafaqat o‘zbek xalqining, balki barcha turkiy tilli xalqlarning maʼnaviy merosidir. Uning asarlarida ilgari surilgan ezgu g‘oyalar bugungi kunda ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan. Navoiy asarlaridagi g‘oyalar insoniyat uchun buyuk hayotiy saboq, ulkan dasturulamaldir”, – dedi u.

Baxriya universiteti professori Adam Saud O‘zbekistonda Alisher Navoiyga bo‘lgan munosabat, buyuk ajdodimizning maʼnaviy merosiga qaratilayotgan yuksak eʼtiborni alohida taʼkidladi.

“O‘zbekistonga safarim chog‘ida jamiyat hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan yangilanishlarga, xususan, o‘zbek xalqining ulug‘ ajdodlariga bo‘lgan yuksak hurmatiga guvoh bo‘ldim. O‘zbekistonda Alisher Navoiy shaxsiga juda katta eʼtibor qaratiladi. Uning nomi bilan yirik viloyat, universitet va qator madaniy-maʼrifiy majmualar atalishi bunga yaqqol dalildir. Ilmiy doira vakillari orasida Navoiy ijodini o‘rganishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Pokistonda ham Alisher Navoiyga bo‘lgan qiziqish kuchli. Uning g‘azal va ruboiylarini katta qiziqish bilan mutolaa qilamiz. Pokistonda Navoiy ijodini o‘rganishga doir ilmiy tadqiqot ishlarini jadallashtirish, yosh olimlarni bu jarayonga keng jalb etish zarur, deb hisoblayman”, – dedi Adam Saud.

Islomobod shahridagi NUML universiteti o‘qituvchisi Mahfuza Xasanova Alisher Navoiy ijodida yoshlar tarbiyasi, tinchlik g‘oyalari hamda barcha xalqlarni do‘stlik va birodarlikka chorlovchi maʼnaviy qadriyatlar mujassam ekanini taʼkidladi.

“Alisher Navoiyning ijodi va ijtimoiy faoliyati insoniyat va maʼnaviyatga, el-yurtga sidqidildan xizmat qilishning betakror namunasidir. Navoiy asarlari yosh avlodning maʼnaviy kamol topishida beqiyos ahamiyatga ega. Unda ota-ona, ustoz va yoshi ulug‘larni hurmat qilish, ilm-maʼrifatga intilish, yuksak axloq sohibi bo‘lish, yomonlikdan yiroq turish kabi g‘oyalar qalamga olingan bo‘lib, bular barcha zamonlar uchun umumiy bo‘lgan komil inson g‘oyasi bilan chambarchas bog‘liqdir”, – dedi u.

Tadbir yakunida barcha ishtirokchilarga “Vatandoshlar” jamoat fondi tomonidan taqdim etilgan, Navoiy va boshqa o‘zbek yozuvchi-shoirlarining kitoblari topshirildi. 

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish