Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” asari italyan tiliga tarjima qilindi
Fevral 09, 2026. 16:56 • 52 soniya
• 150
RIM, 9-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi tashabbusi bilan buyuk mutafakkir va shoir Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” asari italyan tiliga tarjima qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur asar “Sandro Teti Editore” nashriyoti tomonidan o‘zbek adabiyoti ixlosmandlari va italiyalik homiylar ko‘magida italyan tiliga tarjima qilindi.
“Lison ut-tayr” tarjimasi yuqori malakali, tajribali tarjimon va muharrirlar tomonidan amalga oshirilgan. Asar mashhur italiyalik tarixchi, Sharq mamlakatlari bo‘yicha mutaxassis olim, Rim Sapiyens universiteti professori Marko Di Brankoning so‘zboshisi bilan boshlanadi.
O‘zbekistonning Italiyadagi elchisi Abat Fayzullayev “Sandro Teti Editore” nashriyoti asoschisi va rahbari Sandro Teti bilan uchrashuv o‘tkazib, tarjima jarayoni bilan yaqindan tanishdi, italiyalik mutaxassislar bilan Navoiy ijodi borasida fikr almashdi.
Sandro Teti Alisher Navoiy ijodi haqida gapirar ekan, Navoiy ijodi nafaqat o‘zbek xalqi, balki butun insoniyatning beqiyos va buyuk merosi ekani, “Lison ut-tayr” asarini tarjima qilish o‘zi uchun katta sharaf bo‘lganini alohida taʼkidladi.
“Lison ut-tayr” asarining italyan tilidagi tarjimasi Alisher Navoiyning 585 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarda taqdim etilishi rejalashtirilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
