Logo

O‘zbekistonlik ishchi Sankt-Peterburgda yettinchi qavatdan tushib ketgan bolani qutqarib qoldi

Fevral 24, 2026. 10:40 • 2 daq

31
O‘zbekistonlik ishchi Sankt-Peterburgda yettinchi qavatdan tushib ketgan bolani qutqarib qoldi

SANKT-PETERBURG, 24-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti farmoni bilan Sankt-Peterburg shahrida sodir bo‘lgan favqulodda va murakkab vaziyatda o‘z joni va salomatligini xavf ostiga qo‘yib, ko‘p qavatli uyning yuqori qismidan pastga qulab tushayotgan yosh bolaga amaliy yordam ko‘rsatgani va uning hayotini saqlab qolgani, xalqimizga xos yuksak jasorat, qahramonlik va fidoyilik fazilatlarini yaqqol namoyon etgani uchun mard va jasur yurtdoshimiz Ibadullayev Xayrullo Saydullayevich “Jasorat” medali bilan taqdirlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Rossiyaning “78.ru” axborot internet portali maʼlumotiga ko‘ra, o‘zbekistonlik farrosh Xayrullo Ibodullayev o‘z tan jarohati evaziga turar-joy binosining yettinchi qavatidagi derazadan tushib ketgan yetti yoshli bolani qutqarib qolgan.

Voqea ko‘p qavatli uyning hovlisida sodir bo‘lgan – bola deraza tokchasida o‘ynab, karnizga osilib qolgan va pastga tushib ketgan. O‘zbekistonlik bola yiqilayotgan paytda uni ushlab olishga ulgurgan va shu bilan fojianing oldini olgan.

Hodisa oqibatida Xayrullo Ibodullayevning qo‘li va qovurg‘alari sinib, shifoxonaga yotqizilgan. 7 yoshli bolaning oyog‘i singan va ichki aʼzolari shikastlangan holda jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

Xayrullo Ibodullayevning aytishicha, u bolaga uyga kirishini aytgan, biroq bola uning gapini eshitmagan. Yiqilganidan so‘ng, hamyurtimiz bolaga birinchi yordamni ko‘rsatgan va jabrlanuvchini qorovulxonaga olib borgan, u yerda tez yordam uni olib ketgan.

O‘zbekiston fuqarosi kelgusida ham favqulodda vaziyatlarda doim yordamga tayyorligini bildirgan.

“78.ru” rasmi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish