Eduards Stiprays: 2016-yildan buyon O‘zbekistonning jadal rivojlanayotganiga guvoh bo‘layapman

Avgust 06, 2026. 08:10 • 4 daq

20
Eduards Stiprays: 2016-yildan buyon O‘zbekistonning jadal rivojlanayotganiga guvoh bo‘layapman

BRYUSSEL, 6-avgust. /“Dunyo” AA/. Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Eduards Stiprays O‘zbekiston Mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” AA orqali yurtdoshlarimizga o‘zining samimiy tabrigi va ezgu tilaklarini yo‘lladi:

– Aziz do‘stlar!

Bugun O‘zbekiston Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan sizlarga murojaat qilayotganimdan benihoyat mamnunman.

Ushbu qutlug‘ ayyom munosabati bilan eng samimiy tabriklarimni qabul qilgaysiz.

O‘zimni O‘zbekiston xalqining haqiqiy do‘sti deb bilaman. Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi sifatida to‘rt yil davomida yurtingizda yashash va ishlash sharafiga muyassar bo‘ldim. Bugungi kunda esa Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili sifatida O‘zbekistonga muntazam tashrif buyurayapman.

O‘zbekistonning ulkan taraqqiyotiga bevosita guvoh bo‘lish imkoniga ega bo‘ldim. 2016-yildan buyon keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. O‘n yil avval boshlangan yangilangan jarayonlar natijasida mamlakat hayotida mazmunli va sezilarli o‘zgarishlar yuz berib, u yangi qiyofa kasb etdi.

Mazkur islohotlar O‘zbekistonni dunyoga ochdi, uni xalqaro hamkorlar, biznes doiralari hamda mehmonlar uchun yanada jozibador maskanga aylantirdi.

Mamlakat fuqarolari uchun haqiqiy manfaatlar keltirdi. Aholi turmush darajasini oshirish, farovonlikni yuksaltirish hamda shaxsiy va kasbiy rivojlanish uchun keng imkoniyatlar yaratilishiga xizmat qildi.

Iqtisodiy taraqqiyotni rag‘batlantirish, biznes muhitini yaxshilash va ijtimoiy taraqqiyotni qo‘llab-quvvatlash orqali islohotlar dasturi ko‘plab insonlarga o‘z orzu-intilishlarini amalga oshirish, o‘zlari va oilalari uchun yanada yaxshiroq kelajak barpo etish imkonini berdi.

Shu bilan birga, so‘nggi o‘n yil davomida erishilgan ulkan yutuqlar nafaqat faxr manbai, balki kelgusi taraqqiyot uchun mustahkam poydevor hamdir. Ular mamlakat va uning xalqi uchun yangi ishonch, yangi kuch-g‘ayrat va yangi imkoniyatlarni yaratdi.

Keng ko‘lamli o‘zgarishlar va islohotlar jarayoni davom etmoqda. Qo‘lga kiritilgan natijalarni mustahkamlash va mamlakat taraqqiyotini yanada yuqori bosqichga olib chiqish uchun yangi istiqbollar ochilmoqda.

Shu nuqtai nazardan, qishloq xo‘jaligi, mahalliy boshqaruv va energetika sohalaridagi o‘zgarishlarni davom ettirish alohida ahamiyatga ega. Bu sohalardagi taraqqiyot amalga oshirilgan islohotlarning samarasini yanada kuchaytiradi, mamlakat salohiyatini ro‘yobga chiqaradi va fuqarolarga aniq manfaatlar keltiradi.

Tashqi va ichki tahdidlar, inson omili bilan bog‘liq hamda tabiiy xavf-xatarlar qarshisida barqarorlikni mustahkamlash O‘zbekiston uchun muhim vazifalardan biridir. Suv tanqisligi, iqlim o‘zgarishi, tashqi iqtisodiy bosimlar va xavfsizlikka oid tahdidlarga qarshi turish nafaqat kuchli davlatni, balki kuchli fuqarolik jamiyati institutlarini, zamonaviy taʼlim olgan va tanqidiy fikrlash qobiliyatiga ega fuqarolarni ham talab etadi.

Yangi O‘zbekiston xalqaro hamkorlikning yangi davrini boshlab berdi. Mamlakat Markaziy Osiyoning markazida ishonchli va konstruktiv sherik sifatida namoyon bo‘lib, butun mintaqada tinchlik, barqarorlik va o‘zaro savdoni rivojlantirishga beqiyos hissa qo‘shmoqda.

Hamkorligimiz izchil ravishda mustahkamlanib bormoqda va uning kelajagi porloqdir. Bugungi kunda u o‘zaro bog‘liqlik, taʼlim, raqamli texnologiyalar, “yashil” o‘tish, barqaror rivojlanish va muhim xom ashyo resurslari kabi keng ko‘lamli sohalarni qamrab olgan.

Yevropa Ittifoqi bilan O‘zbekiston aloqalari tobora mustahkamlanib borayotgan strategik sheriklik munosabatlaridir. Bugungi o‘zgaruvchan geosiyosiy sharoitda Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonning islohotlar yo‘lidagi saʼy-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga katta ahamiyat qaratadi va ushbu yo‘lda mamlakat bilan yelkama-yelka turishdan faxrlanadi.

Bu hamkorlik qonun ustuvorligi, inson huquqlari, mehnat huquqlari, gender tengligi, O‘zbekistonning GSP+ rejimidan foydalanishi, Jahon savdo tashkilotiga aʼzo bo‘lish jarayoni hamda savdo to‘siqlari va cheklovlarini bosqichma-bosqich qisqartirish kabi muhim yo‘nalishlarni qamrab olgan.

2025 yilda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan birinchi Yevropa Ittifoqi–Markaziy Osiyo sammiti doirasida o‘rnatilgan strategik sheriklik munosabatlari mintaqalarimiz o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamladi. U bizga umumiy muammolarni birgalikda hal etish, insonlar hayotini yaxshilaydigan va umumiy barqarorligimizni kuchaytiradigan amaliy loyihalarni bajarish imkonini bermoqda.

O‘zbekistondagi barcha hamkorlarimizga Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarni mustahkamlash yo‘lidagi sadoqati va saʼy-harakatlari uchun chuqur minnatdorlik bildiramiz. Biz hamkorlik ruhini yuksak qadrlaymiz va sherikligimizning keyingi bosqichlariga katta ishonch bilan qaraymiz.

Yana bir bor O‘zbekiston xalqini Mustaqillikning 35 yilligi bilan chin qalbimdan tabriklayman.

Mustaqillik bayramingiz muborak bo‘lsin!

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish