Xan Xua: O‘zbekiston barqaror taraqqiyot yo‘lida yangi yutuqlarni qo‘lga kiritishda davom etmoqda
Avgust 03, 2026. 15:30 • 2 daq
• 70
PEKIN, 3-avgust. /“Dunyo” AA/. Pekin xalqaro muloqot klubi bosh kotibi Xan Xua O‘zbekiston Mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo”AA orqali yurtdoshlarimizga o‘zining samimiy tabrik va ezgu tilaklarini yo‘lladi:
– Avvalo, O‘zbekiston Mustaqilligining 35 yilligi arafasida mehmondo‘st va mehnatkash o‘zbek xalqiga samimiy tabriklarim va ezgu tilaklarimni bildiraman.
So‘nggi bir yarim yil ichida ikki marta O‘zbekistonda bo‘lish imkoniga ega bo‘ldim. Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlariga qilgan safarlarim menda unutilmas taassurot qoldirdi.
Mamlakatda iqtisodiyot, sanoat, taʼlim, sport va boshqa sohalar izchil rivojlanayotgani, yoshlarning bilimli, tashabbuskor va g‘ayratli ekani alohida eʼtiborimni tortdi. Qadimiy Ipak yo‘li merosi zamonaviy taraqqiyot bilan uyg‘unlashganini yaqqol ko‘rish mumkin.
Xitoy singari, O‘zbekiston ham inson manfaatlariga yo‘naltirilgan taraqqiyot tamoyiliga amal qilib, inson kapitaliga sarmoya kiritishga katta ahamiyat bermoqda. Qishloq hududlarida yangi sanoat tarmoqlari shakllanmoqda, raqamli iqtisodiyot jadal rivojlanmoqda, mamlakat esa tobora zamonaviy va raqobatbardosh davlatga aylanib bormoqda.
O‘zbekiston bugun nafaqat mintaqada, balki global iqtisodiy jarayonlarning ham faol ishtirokchisi sifatida namoyon bo‘lmoqda. Investitsiyalar, tashqi savdo va xalqaro hamkorlikni yoshlarni qo‘llab-quvvatlash siyosati bilan uyg‘un olib borish mamlakatning kelajagiga bo‘lgan ishonchni yana-da mustahkamlamoqda.
Xitoy va O‘zbekistonni ko‘p asrlik do‘stlik va qadimiy Ipak yo‘li tarixi bog‘lab turadi. Bugungi kunda ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro ishonch yana-da mustahkamlanib, qishloq xo‘jaligi, qashshoqlikni qisqartirish, yuqori texnologiyalar va tahliliy markazlar o‘rtasidagi hamkorlik izchil kengaymoqda.
O‘zbekiston Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan yana bir bor O‘zbekiston xalqiga tinchlik, farovonlik va yana-da yuksak taraqqiyot tilayman.
Ishonamanki, mamlakat o‘zining barqaror rivojlanish yo‘lida yangi, yana-da ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritadi, Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik sheriklik va do‘stlik munosabatlari esa izchil mustahkamlanib boradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi