O‘zbekiston milliy mahsulotlari Xitoyning Guandun provinsiyasida namoyish qilindi

Iyun 05, 2026. 13:55 • 2 daq

28
O‘zbekiston milliy mahsulotlari Xitoyning Guandun provinsiyasida namoyish qilindi
O‘zbekiston milliy mahsulotlari Xitoyning Guandun provinsiyasida namoyish qilindi
O‘zbekiston milliy mahsulotlari Xitoyning Guandun provinsiyasida namoyish qilindi
O‘zbekiston milliy mahsulotlari Xitoyning Guandun provinsiyasida namoyish qilindi

GUANCHJOU, 5-iyun. /“Dunyo” AA/. Xitoyning Guandun provinsiyasining Guanchjou va Shenchjen shaharlarida tashkil etilgan nufuzli xalqaro ko‘rgazmalarda yurtimiz vakillari milliy stend bilan ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Guanchjou va Shenchjen shaharlari Xitoyning iqtisodiy jihatdan yuqori darajada rivojlangan hamda iste’mol salohiyati o‘ta yuqori bo‘lgan yirik megapolislari qatoriga kiradi. Ushbu strategik hududlar bilan transport aloqalarining jadal rivojlanib borayotgani, xususan, Toshkent shahridan haftasiga 10 dan ortiq to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar muntazam amalga oshirilayotgani ikki tomonlama savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va turizm aloqalarini yanada kengaytirish uchun juda qulay sharoit yaratmoqda.

Xalqaro anjumanlar doirasida milliy hunarmandchilik va to‘qimachilik mahsulotlari, yurtimizning boy turistik salohiyati va jozibadorligi aks ettirilgan O‘zbekiston milliy stendi ko‘rgazma qatnashchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Jumladan, yuqori sifati va ko‘hna milliy an’analarni o‘zida mujassam etgan kulolchilik, kashtachilik, zardo‘zlik, yog‘och o‘ymakorligi namunalari va charm mahsulotlari ishtirokchilar tomonidan munosib baholandi va yuksak e’tiborga sazovor bo‘ldi.

Ko‘rgazmalar doirasida mahalliy va xorijiy yetakchi kompaniyalar rahbarlari bilan qator sermahsul uchrashuvlar va muzokaralar o‘tkazildi. 

Muloqotlar davomida ikki mamlakat biznes doiralari vakillari o‘rtasida o‘zaro manfaatli sheriklik aloqalarini rivojlantirish, tovar ayirboshlash hajmini oshirish hamda yangi qo‘shma loyihalarni hayotga tatbiq etishning istiqbolli yo‘nalishlari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish