YEI Ukraina va Moldovaning Yevroittifoqqa a’zo bo‘lishi bo‘yicha birinchi muzokaralar klasterini ochishga tayyorgarlikni boshladi
Iyun 04, 2026. 19:55 • 2 daq
• 48
BRYUSSЕL, 4-iyun. /“Dunyo” AA/. Yevropa Ittifoqi Kengashiga raislik qilayotgan Kipr Ukraina va Moldovaning blokqa qo‘shilishi bo‘yicha birinchi muzokaralar klasterini rasman ochishga tayyorgarlik boshlanganini e’lon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri mamlakatning Kengashdagi raisligi tarqatgan ma’lumotga tayanib.
“Bu voqea ularning (Ukraina va Moldova) Yevropa integratsiyasi yo‘lidagi muhim bosqichni anglatadi hamda Yevropa Ittifoqining hamjihatligi va qat’iyatining yorqin dalilidir. Yaqin kunlarda biz ushbu klaster bo‘yicha muzokaralarni rasman ochish maqsadida Kengashdagi muhokamalarni yakunlash uchun maqsadli ishlarni davom ettiramiz”, – deyiladi X ijtimoiy tarmog‘idagi xabarda.
“DW” nashri ma’lumotlariga ko‘ra, Kiyev va Bryussel mart oyi o‘rtalaridayoq ekspertlar darajasida norasmiy tarzda Ukrainaning Yevroittifoqqa qo‘shilishi bo‘yicha barcha muzokaralar klasterlarini ochib bo‘lgan. Kipr Prezidenti Nikos Xristodulidis avvalroq Kiprning YEI Kengashiga raisligi davrida Ukraina asosiy ustuvor yo‘nalish bo‘lishini ta’kidlagan edi.
Bundan tashqari, 10-mart kuni Vengriya parlamenti ko‘pchilik ovoz bilan Ukrainaning Yevroittifoqqa a’zoligini rad etuvchi rezolyutsiyani qabul qilgan. Hujjatda Bryusselda so‘nggi paytlarda go‘yoki “keskinlashuv xavfini oshiradigan” qarorlar qabul qilingani, Kiyevning Yevroittifoqqa kirishi esa butun blokni urushga tortishi mumkinligi aytilgan.
Biroq, bir oy o‘tib Vengriyada o‘tkazilgan parlament saylovlarida muxolifatdagi “Tisa” partiyasi g‘alaba qozondi. Mamlakat bosh vaziriga aylangan partiya yetakchisi Peter Madyar 3-iyun kuni “Facebook”da Ukrainada istiqomat qiluvchi 100 ming kishilik venger milliy ozchiligining til, ta’lim, madaniyat va siyosiy huquqlarini kengaytirish bo‘yicha Ukraina bilan “keng qamrovli kelishuv”ga erishilganini ma’lum qildi.
Vengriya bosh vazirining so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaning bu majburiyatlari “uning Yevropa Ittifoqi bo‘yicha harakatlar rejasida ham o‘z aksini topadi”.
“Agar shunday bo‘lsa, Vengriya hukumati Ukrainaning a’zolik bo‘yicha muzokaralarining birinchi raundini ochishni qo‘llab-quvvatlaydi”, – dedi Peter Madyar. Shu bilan birga, u Vengriya Kiyevning Yevroittifoqqa tezlashtirilgan tartibda a’zo bo‘lishini qo‘llab-quvvatlamasligini ta’kidladi.
Bugun Ukraina bosh vaziri Yuliya Sviridenko “YEIning barcha davlatlari” Ukraina va Moldova bilan birinchi klaster masalalari bo‘yicha muzokaralarni boshlashga rozi bo‘lganini aytib, mamlakat “YEI a’zoligiga bir qadam yaqinlashganini” qo‘shimcha qildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




