Badr Mahmud Yusuf Salmon As-Saboh: O‘zbekiston tobora jozibador va zamonaviy turistik markazga aylanib bormoqda
Avgust 24, 2026. 12:30 • 2 daq
• 139
AL-KUVAYT, 24-avgust. /“Dunyo” AA/. Kuvayt hukmdor oila vakili, yirik tadbirkor Badr Mahmud Yusuf Salmon As-Saboh mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” AA orqali yurtdoshlarimizga o‘zining samimiy tabrigi va ezgu tilaklarini yo‘lladi.
– O‘zbekistonga sayyoh sifatida 2014-yildan buyon muntazam ravishda tashrif buyuraman. Har safar bu zaminga borganimda bu yerda yuz berayotgan o‘zgarishlar, yangilanishlar va taraqqiyot jarayonlarini ko‘rib, hayratga tushaman.
Ayniqsa, so‘nggi o‘n yil davomida O‘zbekistonda turizm sohasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlarning guvohi bo‘ldim. Mehmonxonalar soni va turi sezilarli darajada ko‘paydi, sayyohlar uchun zarur infratuzilma va qulay sharoitlar yaratildi.
Eng muhimi, til to‘sig‘i deyarli yo‘qoldi. Bugun O‘zbekistonga tashrif buyurgan xorijiy mehmon ingliz tilida bemalol muloqot qilishi, mamlakat bo‘ylab erkin sayohat qilishi va uning boy tarixi hamda madaniyatini yanada yaqindan anglashi mumkin.
O‘zbekiston tobora jozibador va zamonaviy turistik markazga aylanib bormoqda. Mamlakatga tashrif buyurayotgan sayyohlar sonining tobora ortib ortib borayapti. Shu bilan bir qatorda, bu diyor xorijiy investorlar uchun ham qiziqarli va istiqbolli markazga aylanmoqda. Bu, o‘z navbatida, mamlakatning xalqaro nufuzi va iqtisodiy salohiyati yuksalib borayotganidan dalolat beradi.
Fursatdan foydalanib, birodar O‘zbekiston xalqini eng ulug‘ va qutlug‘ bayrami – Mustaqillik kuni bilan chin dildan muborakbod etaman. Barcha o‘zbekistonliklarga tinchlik-xotirjamlik, farovonlik, mustahkam sog‘lik va yangi yutuqlar tilayman.
O‘zbekiston–Kuvayt o‘rtasidagi azaliy do‘stlik va o‘zaro hurmatga asoslangan munosabatlar yanada mustahkamlansin. Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va sayyohlik sohalaridagi hamkorligimiz yuksak bosqichga ko‘tarilishini tilayman.
Mustaqillik bayrami O‘zbekiston xalqiga yanada ulkan taraqqiyot, yuksalish va farovonlik olib kelsin!
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi