“Dawn” gazetasi: Pokiston va O‘zbekiston bojxona sohasidagi hamkorlikni kengaytiradi

Avgust 04, 2026. 10:00 • 2 daq

97
“Dawn” gazetasi: Pokiston va O‘zbekiston bojxona sohasidagi hamkorlikni kengaytiradi

ISLOMOBOD, 4-avgust. /“Dunyo” AA/. Pokistonning markaziy “Dawn” gazetasi O‘zbekiston bilan bojxona sohasidagi hamkorlikka bag‘ishlangan maqolani chop etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Unda Pokiston Federal daromadlar kengashining Bojxona (operatsiyalar) bo‘yicha aʼzosi Sayid Shakil Shoh boshchiligidagi delegatsiyasi BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi va Jahon bojxona tashkilotining «Yo‘lovchi va yuklar harakatini nazorat qilish global dasturi» doirasida tashkil etilgan konferensiyada ishtirok etish uchun Toshkent shahrida bo‘lgani taʼkidlangan.

“Tashrif davomida Pokiston delegatsiyasi O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari bilan uchrashib, amaldagi hamkorlik mexanizmlarini ko‘rib chiqdi, – deyilgan maqolada. – Tomonlar bojxona jarayonlarini raqamlashtirish, tranzit yuklarni kuzatib borish hamda tahliliy maʼlumotlarga asoslangan nazorat tizimlarini rivojlantirish masalalari muhokama qildilar”.

Nashrda taʼkidlanishicha, O‘zbekiston va Pokiston bojxona idoralari vakillari sunʼiy intellekt va mashinaviy o‘qitishga asoslangan xavflarni boshqarish tizimlarini joriy etish, Milliy maqsadli markazlarni tashkil etish hamda mintaqaviy savdo xavfsizligini mustahkamlash maqsadida bojxona maʼlumotlarini real vaqt rejimida almashish imkoniyatlarini o‘rganishga kelishib olgan.

Muzokaralarda, shuningdek, Vakolatli iqtisodiy operator (AEO) dasturlarini o‘zaro tan olish, tartibga soluvchi hujjatlarni tan olish, sunʼiy intellektga asoslangan xavflarni boshqarish va maʼlumotlar tahlilidan bojxona rasmiylashtiruvi hamda nazorat faoliyatida kengroq foydalanish hamda noqonuniy transchegaraviy faoliyatga samarali qarshi kurashish maqsadida o‘zaro sheriklikni kuchaytirish muhimligi qayd etildi

Maqolada O‘zbekiston Pokistonning “Pakistan Single Window (PSW)” platformasi orqali import va eksport bo‘yicha oldindan bojxona maʼlumotlarini elektron almashish yo‘lga qo‘yilgan birinchi davlat bo‘lgani haqida ham xabar qilingan.

“Dawn” gazetasining yozishicha, O‘zbekiston va Pokiston Bojxona idoralari o‘rtasida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha protokol loyihalarini ishlab chiqish uchun texnik ishchi guruh tashkil etish taklifi qo‘llab-quvvatlangan.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish