Fan Txi Txuy Lin: Biz uchun O‘zbekiston va boshqa mamlakatlar tajribasini o‘rganish juda muhim
Sentabr 05, 2026. 15:30 • 3 daq
• 44
SAMARQAND, 5-sentabr. /“Dunyo” AA/. Vyetnam Milliy assambleyasi Yosh parlament aʼzolari guruhi raisi o‘rinbosari Fan Txi Txuy Lin “Dunyo” AA muxbiriga bergan eksklyuziv intervyusida Samarqandda o‘tkazilayotgan “Murakkab davrda inson huquqlari, adolat va inson qadr-qimmatini tiklash yo‘lida” mavzusidagi Yosh parlament aʼzolarining XII Global konferensiyasining ahamiyati hamda O‘zbekiston Prezidentining parlamentarizmni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslari haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:
– Ushbu konferensiyadan juda aniq umid va kutishlarim bor. 2023-yilda Vyetnam IX Global konferensiyaga mezbonlik qilgan edi va uning yakunlari bo‘yicha Xanoy deklaratsiyasi qabul qilingandi. Biz bu tajriba va xalqaro parlament muloqotini rivojlantirishga qo‘sha olgan hissamizdan juda faxrlanamiz.
Shu sababli, Samarqanddagi joriy konferensiya yakunlari bo‘yicha shunchaki yakuniy hujjat olish bilan cheklanmaymiz, deb umid qilaman. Albatta, deklaratsiya va yakuniy hujjatlar muhim, chunki ular umumiy pozitsiyani shakllantiradi va kelgusi ishlar yo‘nalishini belgilab beradi. Ammo bugun biz siyosiy bayonotlardan aniq amaliy harakatlarga o‘tishimiz zarur. Yakuniy hujjatni yozishimiz mumkin, biroq uning ortidan kelishuvlarimizni hayotga tatbiq etishga imkon beradigan real qonunchilik qarorlari, aniq tashabbuslar va byudjet ajratmalari kelishi ancha muhimdir.
Parlamentlararo Ittifoq maʼlumotlariga ko‘ra, bugungi kunda 30 yoshgacha bo‘lgan parlament aʼzolari umumiy deputatlar sonining 2,8 foizini tashkil etadi. Bu shuni anglatadiki, yoshlarning siyosiy hayotdagi ishtirokini kengaytirish zarurligi haqidagi ko‘plab deklaratsiyalarga qaramay, biz hali sezilarli ilgarilashga erisha olganimiz yo‘q.
Toki bu raqam o‘sishni boshlamas ekan, deklaratsiyalarimiz tugallanmagan ish bo‘lib qolaveradi. Yoshlar nafaqat davlat siyosatining obayekti, balki qarorlar qabul qilish jarayonining bevosita ishtirokchilari bo‘lishlari kerak. Ularning parlamentlardagi vakilligi real qonunchilik ishlarida, parlament nazorati va davlat siyosatini shakllantirishda o‘z aksini topishi lozim.
Aynan shu sababli delegatsiyamiz Samarqandga nafaqat o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashish, balki boshqalardan o‘rganish uchun ham keldi. Biz nimani o‘rganganimiz, amaliyotda qanday yondashuvlarni qo‘llayotganimiz va ular qanday natijalar berayotgani haqida so‘zlab bermoqchimiz. Shu bilan birga, biz uchun O‘zbekiston va boshqa mamlakatlar tajribasini eshitish, amaliy yechimlar bilan tanishish va qaysi vositalar yosh parlament aʼzolariga o‘z vakolatlarini yana-da samarali amalga oshirish imkonini berishini tushunish juda muhimdir.
Men, shuningdek, konferensiyada yangragan siyosiy chiqishlardan, ayniqsa, Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayevaning nutqi va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning murojaati mazmunidan juda katta taassurot oldim. Ushbu chiqishlarda parlamentarizmni rivojlantirish, yoshlar ishtiroki va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash bilan bog‘liq muhim masalalar ilgari surildi.
Ishonchim komilki, ushbu konferensiya muvaffaqiyatli o‘tadi va nafaqat O‘zbekistonga, balki bu yerda taqdim etilgan siyosiy doiralar va barcha mamlakatlarga sezilarli natijalar olib keladi. Dunyoning turli mintaqalaridan kelgan yosh parlament aʼzolarining ochiq muloqot va tajriba almashish uchun Samarqandda jamlanganining o‘zi katta ahamiyatga ega.
Biz zamonaviy dunyoda yoshlarning roli tobora ortib borayotganiga aminmiz. Yosh parlament aʼzolari shunchaki o‘z avlodining vakillari emas, balki mamlakatlarimiz kelajagini belgilaydigan siyosatni shakllantirish va qarorlar qabul qilishning faol ishtirokchilari bo‘lishlari kerak.
“Dunyo” AA olgan surat
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi