Logo

Frankfurt-Mayn shahrida O‘zbekiston–Germaniya iqtisodiy hamkorligi muhokama qilindi

Aprel 22, 2026. 15:55 • 2 daq

84
Frankfurt-Mayn shahrida O‘zbekiston–Germaniya iqtisodiy hamkorligi muhokama qilindi

FRANKFURT-MAYN, 22-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston diplomatlari Frankfurt-Mayn shahri Savdo-sanoat palatasining xalqaro aloqalar bo‘yicha direktori Yurgen Ratsinger bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot davomida bosh konsul Mironshoh Raupov so‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarilib, strategik sheriklik darajasida rivojlanib borayotganini qayd etdi.

Xususan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Germaniyaga rasmiy tashrifi chog‘ida iqtisodiy aloqalarni faollashtirish, mamlakatimizdagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlash hamda yangi savdo, moliya va sarmoyaviy bitimlarni imzolash bo‘yicha kelishuvlarga erishilganini alohida taʼkidladi.

Bosh konsul Germaniya Federal kansleri Olaf Sholsning 2024-yil sentyabr oyida O‘zbekistonga uyushtirgan tarixiy tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni sezilarli darajada mustahkamlaganini maʼlum qildi. U tashrif doirasida ikki davlat hukumatlari o‘rtasida migratsiya va mobillik sohasida keng qamrovli sheriklik to‘g‘risidagi bitim imzolanganiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

O‘z navbatida, Yurgen Ratsinger Savdo-sanoat palatasi faoliyati, mintaqaning rivojlanishi va uning xorijiy mamlakatlar bilan iqtisodiy aloqalardagi o‘rni haqida so‘z yuritdi. Uning aytishicha, Frankfurt-Mayn Savdo-sanoat palatasi 108 mingga yaqin kompaniya va tadbirkorni birlashtirgan holda aʼzolari soni bo‘yicha Germaniyada ikkinchi o‘rinda turadi.

Yurgen Ratsinger so‘nggi yillarda demografik va ijtimoiy omillar tufayli iqtisodiyotning turli tarmoqlarida muayyan kasb mutaxassislariga ehtiyoj borligi, shu bois xorijiy ishchi kuchini jalb qilish dolzarb vazifaga aylanib borayotganini taʼkidladi. Shuningdek, u ushbu masalani muhokama qilish uchun har ikki tomon ekspertlarini jalb etgan holda alohida uchrashuv tashkil etishni taklif qildi.

Uchrashuv yakunida nemis mutaxassisi O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan kompaniyalarni Frankfurt-Mayn shahrida o‘tkaziladigan ko‘rgazma va anjumanlarda ishtirok etishga taklif qildi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish