“Daily Spokesman” gazetasi: O‘zbekistonda investorlar uchun huquqiy kafolatlar va yangi imkoniyatlar yaratildi

Iyun 23, 2026. 18:00 • 2 daq

7
“Daily Spokesman” gazetasi: O‘zbekistonda investorlar uchun huquqiy kafolatlar va yangi imkoniyatlar yaratildi

ISLOMOBOD, 23-iyun. /“Dunyo” AA/. Pokistonning ommabop “Daily Spokesman” gazetasida “O‘zbekiston Prezidenti mamlakat investitsiyaviy taraqqiyotining yangi bosqichida turgan ustuvor vazifalarni belgilab berdi” sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada O‘zbekiston Prezidentining V Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TXIF) yalpi majlisidagi nutqida ilgari surilgan tashabbuslarning ahamiyati haqida alohida so‘z yuritilgan.

Qayd etilganidek, joriy yilgi forum “Investitsiyaviy barqarorlik: yangi marralar va yangi sheriklik” mavzusiga bag‘ishlandi. O‘zbekiston rahbari investitsiya muhitining barqaror rivojlanishi mamlakatning uzoq muddatli maqsadlariga erishishning muhim sharti ekanini ta’kidladi.

Bu borada investitsiyaviy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va ishbilarmonlik faoliyatini yuritish uchun zamonaviy ekotizim yaratish bo‘yicha oltita ustuvor yo‘nalish belgilandi.

“Xususan, investorlar uchun huquqiy kafolatlar tizimini yanada kuchaytirish birinchi yo‘nalish sifatida ko‘rsatildi. O‘zbekistonda Toshkent xalqaro moliya markazi tashkil etilib, u maxsus huquqiy rejimga ega bo‘lgan yangi institutsional platforma sifatida faoliyat yuritadi. Markaz ishtirokchilari uchun soliq va bojxona imtiyozlari, kapitalning erkin harakati kafolatlari hamda istalgan valyutada hisob-kitob qilish imkoniyatini berish nazarda tutilgan”, deyilgan maqolada.

Nashrda chet ellik sudyalar hamda xalqaro ekspertlar ishtirokida xalqaro arbitraj mexanizmlarini joriy etish, tijorat sudini tashkil qilish hamda BMTning Mediatsiya to‘g‘risidagi Singapur konvensiyasiga qo‘shilish rejalashtirilayotgani ham ma’lum qilingan.

“Ushbu choralar natijasida investorlar O‘zbekistonning o‘zida kafolatlangan xalqaro huquqiy himoyaga ega bo‘ladi”, deya O‘zbekiston Prezidenti so‘zlaridan iqtibos keltirilgan nashrda.

Materialda ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston xalqaro bozorlarda 16 milliard dollardan ortiq obligatsiyalar joylashtirdi hamda London birjasida so‘nggi besh yildagi eng yirik IPOni amalga oshirdi. Xalqaro kapital bozorlariga chiqishga yangi kompaniyalarni tayyorlash jarayoni davom etmoqda, shuningdek, muqobil investitsiya vositalarini rivojlantirish uchun kapital bozori va investitsiya jamg‘armalari to‘g‘risidagi qonunlarni o‘z ichiga olgan huquqiy baza shakllantirilmoqda.

Pokiston gazetasi yozganidek, suveren islom obligatsiyalari – sukuk dasturining amalga oshirilishi O‘zbekiston iqtisodiyotiga katta hajmdagi investitsiyalar oqimini jalb qilish uchun qo‘shimcha manba bo‘ladi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish