Yevropa Ittifoqi Bryusselda “Tolibon” harakati vakillari bilan migratsiya masalalari yuzasidan muzokara o‘tkazadi

Iyun 23, 2026. 17:30 • 3 daq

78
Yevropa Ittifoqi Bryusselda “Tolibon” harakati vakillari bilan migratsiya masalalari yuzasidan muzokara o‘tkazadi

BRYUSSЕL, 23-iyun. /“Dunyo” AA/. Belgiya Yevropa Ittifoqining Bryusselda migratsiya masalalari bo‘yicha o‘tkaziladigan uchrashuvida ishtirok etishi uchun Afg‘oniston delegatsiyasi a’zolariga beshta viza berdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Al Jazeera” telekanaliga tayanib.

Ushbu uchrashuv Tolibon harakati qariyb besh yil avval Afg‘onistonda hokimiyat tepasiga qaytganidan buyon Yevropa Ittifoqi uning vakillarini ilk bor qabul qilishi bo‘lishi kutilmoqda. O‘shandan so‘ng Yevropa davlatlari Qobuldagi elchixonalarini yopgan edi.

Belgiya Tashqi ishlar vazirligi vakilining telekanalga ma’lum qilishicha, vizalar xavfsizlik tekshiruvidan so‘ng berilgan. Ular faqat Belgiya hududida va bor-yo‘g‘i bir kun davomida amal qiladi.

Yevropa komissiyasi Afg‘onistondan Ittifoqqa a’zo 27 davlatga noqonuniy migratsiya, boshpana so‘rab topshirgan arizalari rad etilgan afg‘onistonliklarni deportatsiya qilish masalalarini muhokama etish uchun toliblar vakillarini taklif qilganini bildirdi.

“A’zo davlatlar jiddiy jinoyatlar sodir etgan va xavfsizlikka potensial tahdid soladigan shaxslarni qaytarish yo‘llarini o‘rganmoqda. Ayni paytda Komissiya aynan shu tashabbus bilan shug‘ullanmoqda”, – dedi Yevrokomissiya rasmiy vakili Markus Lammert Yevropa Ittifoqining kundalik brifingida.

Shu bilan birga, Yevrokomissiya ushbu uchrashuvning o‘tkazilishi Bryussel tomonidan Tolibon hokimiyatining rasman tan olinishini anglatmasligini alohida ta’kidladi. Muzokaralarga harakatning aynan qaysi vakillari taklif etilganiga aniqlik kiritilmagan. Tolibonning bir qator yuqori martabali rahbarlari hamon Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostida qolmoqda.

“A’zo davlatlarning asosiy e’tibori jiddiy jinoyatlar sodir etgan yoki xavfsizlikka tahdid tug‘dirayotgan shaxslarga qaratilgan”, – deb qayd etdi Markus Lammert.

Yevropa Ittifoqi ma’lumotlariga ko‘ra, 2013-yildan 2024-yilgacha Ittifoq mamlakatlari Afg‘oniston fuqarolaridan boshpana so‘rab bir millionga yaqin ariza qabul qilgan. Yevropa Ittifoqiga a’zo 27 davlatdan 20 ga yaqini o‘tgan yili Yevropada qolish huquqiga ega bo‘lmagan muhojirlarni, ayniqsa, jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslarni Afg‘onistonga qaytarishdan manfaatdor ekanini bildirgan.

Avvalroq Yevropa Ittifoqining ichki ishlar va migratsiya bo‘yicha komissari Magnus Brunner toliblar bilan aloqa o‘rnatish tashabbusini qo‘llab-quvvatlab, Bryusselning Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga noqonuniy kirib kelgan, boshpana izlayotgan afg‘onlarni qaytarish masalasida Afg‘onistonning amaldagi hokimiyati bilan muzokara olib borishdan boshqa chorasi yo‘qligini aytgan edi.

Yevropa Ittifoqi qonunchiligi og‘ir jinoyatlar uchun hukm qilingan yoki xavfsizlikka tahdid deb topilgan shaxslarni deportatsiya qilishga ruxsat beradi, biroq mamlakatning hozirgi hukumati bilan diplomatik aloqalar yo‘qligi sababli bu masala cheklanganligicha qolmoqda.

“Reuters” agentligi surati

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish