O‘zbekiston Prezidenti “Navbahor” futbol klubining akademiyasida bo‘ldi
Iyun 23, 2026. 17:52 • 2 daq
• 25
TOSHKЕNT, 23-iyun. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Namangan viloyatiga tashrifi doirasida “Navbahor” futbol akademiyasiga tashrif buyurib, bu yerda yosh futbolchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va o‘quv-mashg‘ulot jarayonlari bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Namangan viloyati o‘zining boy futbol an’analari va iqtidorli futbolchilari bilan mamlakatimizda alohida o‘rin tutadi. Yosh avlodni xalqaro standartlar asosida tayyorlash maqsadida “Navbahor” akademiyasi uch yil muddatga dunyoning yetakchi futbol maktablaridan biri sanalgan Niderlandiyaning “Ayaks” futbol akademiyasi boshqaruviga berildi.
"Ayaks" dunyodagi eng mashhur akademiya hisoblanadi (1900-yilda tashkil etilgan) va o‘z tarbiyalanuvchilarini Yevropaning mashhur klublariga o‘tkazish orqali har yili o‘rtacha 50-70 million yevro daromad oladi.
Kelishuvga asosan, klublar o‘rtasida qo‘shma o‘smirlar futbol akademiyasi tashkil etilib, o‘zbekistonlik yosh futbolchilar va murabbiylarni tayyorlash bo‘yicha “Ayaks”ning boshqaruv modeli joriy etiladi.
Hozirgi kunda akademiyada xorijiy mutaxassislar, jumladan, murabbiy va skautlar faoliyat yuritib, mahalliy yoshlarni Yevropa futbol standartlari asosida tayyorlash ishlarini olib boryapti.
Prezidentimiz akademiya infratuzilmasi, mashg‘ulot maydonlari hamda tarbiyalanuvchilar uchun yaratilgan imkoniyatlarni ko‘zdan kechirdi. Shuningdek, yosh futbolchilar va xorijiy mutaxassislar bilan suhbatlashib, ularning orzu-intilishlari va kelgusi rejalari bilan qiziqdi.
Uchrashuv davomida mamlakatimizda futbolni yanada rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va O‘zbekiston milliy terma jamoasining xalqaro maydonlardagi ishtirokini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari akademiya tarbiyalanuvchilari bilan suratga tushdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi