Logo

“Dawn”: O‘zbekiston qishki sayohat sarguzashtlarini izlayotgan sayyohlar uchun jozibador maskan

Yanvar 04, 2026. 10:00 • 5 daq

1785
“Dawn”: O‘zbekiston qishki sayohat sarguzashtlarini izlayotgan sayyohlar uchun jozibador maskan

ISLOMOBOD, 5-yanvar. /“Dunyo” AA/. Pokistonning ommabop “Dawn” gazetasida “Qorli cho‘qqilar va Ipak yo‘li sirlari: O‘zbekiston bo‘ylab qishki sayohat” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Odatda, Sharqiy Osiyodagi mashhur yo‘nalishlar o‘z jozibasini saqlab qolayotgan bo‘lsa-da, so‘nggi yillarda O‘zbekiston qishki sayohat sarguzashtlari va chuqur islomiy tarix uyg‘unligini izlayotgan sayyohlar uchun jozibador muqobil sifatida namoyon bo‘lmoqda, – deyiladi nashrda. – Ko‘plab sayyohlar qishki taʼtilni tog‘ yon bag‘rida, go‘zal tabiat qo‘ynida o‘tkazishni xush ko‘radi. Ana shunday tajriba uchun O‘zbekiston tobora ommalashib bormoqda. Markaziy Osiyoga darvoza bo‘lgan O‘zbekiston bugun har qachongidan ham mashhur bo‘lib, qishki sayohat davomida ham madaniy yaqinlikni, ham geografik jihatdan hayratlanarli manzaralarni taqdim etadi”.

Maqolada maʼlum qilinishicha, qishki sayohatni xush ko‘ruvchilar uchun asosiy diqqatga sazovor maskan – O‘zbekistondagi eng yirik chang‘i kurorti bo‘lgan Amirsoy tog‘-chang‘i majmuasidir.

G‘arbiy Tyan-Shan tog‘larida, YUNESKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Chotqol tog‘ tizmasi etaklarida joylashgan ushbu kurort Toshkentdan bor-yo‘g‘i bir soatlik yo‘lda joylashgan. Ulug‘vor tog‘ tizmalari, baland cho‘qqilar, musaffo havo, oppoq qorlar bilan qoplangan tabiat manzaralari go‘zal manzarani hosil qiladi va bu jihatlar Amirsoyning nega sayyohlarni o‘ziga faol jalb etayotganini yaqqol namoyon qiladi.

“Amirsoyda yuqori tezlikda harakatlanuvchi kanat yo‘llari mavjud bo‘lib, ular mehmonlarni 2 ming 290 metr balandlikka olib chiqadi. Oilalar uchun maxsus tyubing va chang‘ida uchish maydonlari tashkil etilgan bo‘lib, ular hech qanday tajribani talab qilmaydi, ammo qorda maroqli dam olish imkonini beradi”, – deya eʼtirof etgan muallif.

Maqolada O‘zbekiston poytaxtining qadimiy va zamonaviy qiyofasiga batafsil taʼrif berilgan.

Muallifning yozishicha, Toshkent keng xiyobonlari va hatto sovuq oylarda ham ko‘zga tashlanadigan ko‘kalamzorligi bilan ajralib turadigan shahardir. U qadimiy tarix va zamonaviy hayot kesishgan nuqta sifatida sayyohlar uchun O‘zbekistondagi asosiy manzillardan biri hisoblanadi.

“Toshkent metropoliteni, albatta, tashrif buyurishga arziydigan joy. Marmar bilan bezatilgan, qandillar va nozik mozaikalarga boy bekatlar oddiy safarni “yer osti muzeyi”dagi sayrga aylantiradi. Shaharning eski qismida joylashgan Hazrati Imom majmuasi maqbaralar, masjidlar va kutubxonalarni birlashtirib, ko‘k gumbazlari bilan ajralib turadi. Bir vaqtlar dunyodagi eng qadimiy Qurʼon — Usmon musʼhafi shu yerda saqlangan. Bugun esa u O‘zbekistonning islomiy merosi va jahon sivilizatsiyasidagi o‘rniga bag‘ishlangan zamonaviy madaniy markaz – Islom sivilizatsiyasi markazida qo‘yilgan. Yaqin atrofdagi Chorsu bozori esa xaridingiz uchun eng maʼqul joy”, – deb yozilgan manbada.

Maqolada Samarqand va Buxoro shaharlarining sayyohlik salohiyati haqidagi muhim maʼlumotlar ham mushtariylar eʼtiboriga taqdim etilgan.

Muallif taʼkidiga ko‘ra, O‘zbekistonga sayohat “Afrosiyob” tezyurar poyezdiga chiqmasdan mukammal bo‘lmaydi. Bor-yo‘g‘i ikki soat ichida siz Toshkentdan o‘quvchilik davringizda tarix kitoblarida o‘qigan qadim Samarqand shahriga yetib borasiz.

“Registon – Samarqandning yuragi, ulug‘vor Ulug‘bek, Sherdor va Tillakori madrasalaridan iborat betakror tarixiy majmua. Bu majmua YUNESKOning Umumjahon merosi sifatida tan olingan hamda Markaziy Osiyo islom meʼmorchiligining ramzi hisoblanadi. Registonda eng yaxshi suratlarni olish uchun ertalab soat 7 da yoki kechqurun soat 19 atrofida tashrif buyurish tavsiya etiladi – shu paytda firuzarang gumbazlar oltinrang nurlarda yorqin tovlanadi. Qishki mavsumda Registon maydoni ayniqsa sokin va taʼsirchan bo‘ladi.

Samarqanddagi Shohi Zinda ansambli, Amir Temur va Temuriylar dafn etilgan joy – Go‘ri Amir maqbarasi ham o‘zining betakror naqshlari va ko‘rinishi bilan har qanday sayyohni hayratga solishi aniq”, – deyiladi materialda.

Pokiston OAVning yozishicha, musulmonlar uchun Samarqandning haqiqiy maʼnaviy markazi – Imom Buxoriy yodgorlik majmuasidir. Eng ishonchli hadislar to‘plamini jamlagan ulug‘ muhaddisning oxirgi manzili bo‘lgan bu joy chuqur maʼnaviy ahamiyatga ega ziyoratgoh hisoblanadi.

“Buxoro – O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyoning maʼnaviy markazi. Boy islomiy merosi bilan mashhur bo‘lgan, “ochiq osmon ostidagi muzey” deya ataladigan Buxoro asrlar davomida musulmon olami uchun muqaddas maskan bo‘lib kelgan. Ark qalʼasi va eski shaharning tor ko‘chalari bo‘ylab yurish yoki hatto XII asrda bosqinchilar ham vayron qilishga jurʼat etmagan Kalon minorasi poyida turish Ipak yo‘lining qanchalik ulug‘vor bo‘lganini chuqur his etishga imkon beradi”, – deb yozilgan maqolada.

Taʼkidlanishicha, Buxoro hunarmandchilik buyumlarini xarid qilish uchun mamlakatdagi eng yaxshi manzil hisoblanadi. XVI asrga oid savdo gumbazlarida hanuzgacha qadimiy kasblarni davom ettirayotgan ustalarni uchratish mumkin: oltin zardo‘zlik, qo‘lda tikilgan so‘zani, qush shaklidagi mashhur qaychilar va yuqori sifatli ikat ipak matolari shular jumlasidandir. Buxoro nafaqat nodir sovg‘alar xazinasi, balki asrlar davomida deyarli o‘zgarmagan islomiy tarix bilan chuqur bog‘lanish imkonini ham taqdim etadi.

Maqola quyidagi so‘zlar bilan yakunlangan: “Aholisining asosiy qismi musulmonlardan iborat bo‘lgan O‘zbekistonda halol taom topish juda oson. Sayyohlar ko‘pincha ulkan qozonlarda yog‘, piyoz, qo‘y va mol go‘shti, sabzi hamda guruchdan tayyorlanadigan milliy taom – palovni tanlaydi. Somsa, mastava va sho‘rva kabi o‘zbek milliy taomlari ham kun davomidagi qishki sayohatdan so‘ng tanovul qilish uchun zo‘r tanlovdir”.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Zebo Meliyeva

zebo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish