“Okaz” gazetasi: Saudiya–O‘zbekiston iqtisodiy hamkorligi strategik bosqichga chiqmoqda
Iyun 24, 2026. 09:37 • 2 daq
• 23
AR-RIYOZ, 24-iyun. /“Dunyo” AA/. Nufuzli “Okaz” gazetasida Saudiya–O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashi bosh direktori Faysal Abdullo bilan o‘tkazilgan intervyu eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Suhbatda V Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy va sarmoyaviy sheriklikning bugungi holati, istiqbollari hamda xususiy sektor vakillarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari atroflicha muhokama qilingan.
Ishbilarmonlar kengashi bosh direktori Toshkent investitsiya forumining xalqaro miqyosdagi nufuzi yildan yilga oshib borayotganini alohida eʼtirof etgan. Uning taʼkidlashicha, ushbu anjuman doirasida Saudiya–O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashining 7-yig‘ilishi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani Riyoz va Toshkent o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar yangi, strategik bosqichga chiqqanining yaqqol dalilidir.
“Bizning asosiy vazifamiz ikki davlat rahbariyatining siyosiy irodasiga tayangan holda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish va xususiy sektor o‘rtasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishdir. Forum sarmoyadorlar va tadbirkorlar uchun samarali muloqot maydoniga aylandi. Biz Saudiya kompaniyalarining O‘zbekiston bozoriga xavfsiz kirib borishi, ular uchun mavjud imtiyozlar haqida maʼlumotlar taqdim etish va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan masalalarni tezkor hal etishda yaqindan ko‘maklashmoqdamiz”, degan Faysal Abdullo.
Muloqot davomida ikki tomonlama hamkorlik uchun istiqbolli sohalar sifatida energetika, tog‘-kon sanoati, infratuzilma, turizm, qishloq xo‘jaligi, logistika va sog‘liqni saqlash yo‘nalishlari ko‘rsatib o‘tilgan. Ushbu tarmoqlar Saudiya Arabistonining “Nigoh–2030” milliy dasturi maqsadlari va O‘zbekistonning rivojlanish rejalariga to‘liq hamohangdir.
Faysal Abdullo forum doirasida Saudiya va O‘zbekiston shirkatlari o‘rtasida qator shartnoma va anglashuv memorandumlari imzolanganini maʼlum qilgan. Shuningdek, u anjumandan keyingi asosiy ustuvor vazifa – erishilgan barcha kelishuvlarni amaliy bosqichga o‘tkazish va ularni real investitsiya loyihalariga aylantirish ekanini bildirgan.
Intervyu yakunida Saudiya–O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashi kelgusida ham ikki mamlakat davlat va xususiy sektorlari o‘rtasida doimiy muloqotni taʼminlashi, qo‘shma savdo va investitsiya missiyalarini tashkil etish orqali sheriklik geografiyasini anʼanaviy tarmoqlardan tashqari innovatsiyalar va yuqori texnologiyalar sohalariga kengaytirishi taʼkidlangan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi