O‘zbekiston shaharlari va Trabzon o‘rtasida yangi aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi
May 02, 2026. 18:00 • 2 daq
• 123
ANQARA, 2-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Anqaradagi elchixonasida Turkiya Buyuk millat majlisining Trabzondan saylangan bir guruh deputatlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvda parlamentning tarmoq qo‘mitasi raisi Adil Karaismailog‘lu yangi sayyohlik yo‘nalishlarini shakllantirish hamda Trabzonni O‘zbekiston shaharlari bilan bog‘laydigan to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidladi. Uning ta’kidlashicha, 2023-yilda 12 ming nafar o‘zbekistonlik sayyoh Trabzonga to‘g‘ridan to‘g‘ri aviareyslar orqali, yana 25 ming nafari esa Batumi orqali quruqlik yo‘li bilan kelgan. Bu ko‘rsatkichlar esaa to‘g‘ridan to‘g‘ri havo qatnoviga talab yuqori ekanini yaqqol namoyon etadi.
May oyidan boshlab “Qanot Sharq” va “Centrum Air” aviakompaniyalari tomonidan Trabzonga mavsumiy reyslarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilayotgani, shuningdek, “Pegasus Airlines” aviakompaniyasi bilan ushbu yo‘nalishda parvozlarni tashkil etish bo‘yicha ishlar olib borilayotgani ta’kidlandi.
Bundan tashqari, madaniy, ziyorat va tibbiy turizmni rivojlantirish, qo‘shma sayyohlik yo‘nalishlarini yaratish hamda infratuzilmaga sarmoya jalb qilish istiqbolli yo‘nalishlar sifatida belgilab olindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar strategik sheriklikni mustahkamlash, parlamentlararo muloqotni faollashtirish hamda aniq qo‘shma loyihalarni amalga oshirish orqali hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi