Klaus Mangold: O‘zbekiston Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikning muhim tayanchidir
Sentabr 16, 2026. 10:30 • 2 daq
• 65
BERLIN, 16-sentabr. /“Dunyo” AA/. “Mangold Consulting GmbH” konsalting kompaniyasi raisi, taniqli nemis iqtisodchisi, professor Klaus Mangold “Dunyo” axborot agentligi orqali mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga o‘zining samimiy tabrik va ezgu tilaklarini yo‘lladi:
– Avvalo, O‘zbekiston xalqini mustaqillikning 35 yilligi bilan chin qalbimdan qutlayman.
Bugungi Yangi O‘zbekiston dunyoda barqarorlikni mustahkamlashga hissa qo‘shayotgan yuksalish va farovonlik timsolidir. Mamlakat Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikning muhim tayanchi hisoblanadi. Ayniqsa, bu yutuqlarga tinch yo‘l bilan erishilayotgani quvonarlidir.
O‘zbekiston to‘g‘ri yo‘ldan bormoqda va muvaffaqiyatli taraqqiyotni davom ettirish uchun barcha imkoniyatlardan foydalanmoqda. Xalqaro hamjamiyat mamlakatdagi ijobiy o‘zgarishlarga guvoh bo‘lmoqda. So‘zlarimning yorqin isboti — islohotlardagi aniq raqamlardir.
Har qanday mamlakatda yuqori darajadagi ishonch mavjud bo‘lgandagina iqtisodiyot gullab-yashnaydi. Iqtisodiyot va ishonch bir-biri bilan uzviy bog‘liq. So‘nggi yillarda bu ishonch mamlakat rahbariyati tomonidan yanada mustahkamlandi. Bu iqtisodiyot uchun eng mustahkam poydevordir.
Mamlakatning eng katta boyligi — bu uning bilimli va intellektual jihatdan rivojlangan yoshlaridir. O‘zbekiston ulkan yoshlar salohiyatiga ega bo‘lib, ularni ish o‘rinlari bilan taʼminlash zarur. Shuning uchun sanoatlashtirish jarayoni katta ahamiyatga ega. Aynan sanoat yoshlarga munosib ish o‘rinlarini, mamlakatga esa barqaror o‘sishni taʼminlashga qodir.
40 yillik tadbirkorlik faoliyatim davomida O‘zbekiston bilan bog‘liq ko‘plab biznes loyihalarda ishtirok etganman. Mamlakat taraqqiyotida ulkan o‘zgarish va yutuqlar bo‘lganiga shaxsan guvohman. Nukus, Toshkent, Jizzax, Andijonda bo‘lganimda odamlar bilan ko‘p muloqot qilaman, ularning hayot tarzi bilan qiziqaman. Tobora yuksalib borayotgan farovonlikni kishilar chehrasidan ham sezish mumkin. Bu o‘zgarishlar nafaqat Toshkent yoki Samarqandda, balki chekka qishloqlarda ham yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston xalqaro maydonda yuksak obro‘-eʼtibor qozonmoqda. Mamlakat ham G‘arb, ham Sharq davlatlari bilan o‘zaro manfaatli, konstruktiv munosabatlar va yaxshi qo‘shnichilikni izchil rivojlantirmoqda.
Ushbu dinamika keyingi yillarda ham davom etishini chin dildan tilayman. O‘zbekiston va uning xalqiga barcha sohalarda ulkan muvaffaqiyat, kelajakda yanada farovonlik, tinchlik va baxt-saodat yor bo‘lsin.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi