Vladivostokda qiyin ahvolda qolgan oila O‘zbekistonga qaytarildi

Iyul 16, 2026. 21:00 • 2 daq

31
Vladivostokda qiyin ahvolda qolgan oila O‘zbekistonga qaytarildi

VLADIVOSTOK, 16-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Vladivostok shahridagi Bosh konsulxonasi hamda Migratsiya agentligi vakillari hamkorligida Primorsk o‘lkasida og‘ir ahvolga tushib qolgan oila Vatanga qaytarildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maʼlum bo‘lishicha, ushbu hududda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirib kelayotgan vatandoshimiz O.A. baxtsiz hodisa tufayli boshidan og‘ir jarohat olib, mustaqil harakatlanish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan va to‘shakka mixlanib qolgan. Uning turmush o‘rtog‘i X.U. esa bemorni doimiy parvarish qilishga majbur bo‘lgani sababli ishlash imkoniyatini yo‘qotgan. Natijada oilaning moliyaviy ahvoli og‘irlashgan.

Murakkab vaziyatda qolgan, tibbiy muolajalar, dori-darmon hamda ijara haqini to‘lashda qiynalgan hamyurtlarimiz Bosh konsulxonaga amaliy yordam so‘rab murojaat qilgan.

Murojaat zudlik bilan o‘rganilib, bemor fuqaroni O‘zbekistonga xavfsiz olib kelish choralari ko‘rildi. Migratsiya agentligi jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bemor, uning turmush o‘rtog‘i va ularga hamrohlik qilish uchun O‘zbekistondan jalb etilgan malakali shifokor nomiga Vladivostok–Moskva–Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha aviachiptalar xarid qilindi.

Yurtdoshlarimiz Vladivostok xalqaro aeroportida Bosh konsulxona xodimlari tomonidan kuzatib qo‘yildi va ular Vatanga sog‘-omon yetib keldi.

Mamlakatimiz diplomatik vakolatxonalari tomonidan xorijda qiyin ahvolga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarolarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularga tezkor konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatish borasida tizimli ishlar davom ettiriladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish