AQSh ikki nafar harbiy xizmatchisi halok bo‘lganidan so‘ng Eronga qayta zarbalar berishni boshladi
Iyul 19, 2026. 13:50 • 2 daq
• 170
VASHINGTON-TEHRON, 19-iyul. /“Dunyo” AA/. Iordaniyada uyushtirilgan Eron hujumi oqibatida ikki nafar AQSh harbiy xizmatchisi halok bo‘lishi va yana bir nafari bedarak yo‘qolishi ortidan AQSh Eron hududiga ketma-ket sakkizinchi bor aviazarbalar berdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Reuters” agentligiga tayanib.
AQSh Qurolli Kuchlari Markaziy qo‘mondonligi maʼlumotlariga ko‘ra, harbiy operatsiya Prezident Donald Trampning farmoyishi bilan boshlangan. Qo‘mondonlik ushbu zarbalardan ko‘zlangan maqsad — Eronning Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi kemalar qatnoviga tahdid solish imkoniyatlarini zaiflashtirish, shuningdek, amerikalik harbiylarga qilingan hujumga aloqador bo‘lgan Islom inqilobi muhofizlari korpusi kuchlariga qaqshatqich javob qaytarish ekanini bildirdi.
Eron OAVning xabar berishicha, zarbalar mamlakat janubidagi Sirik tumani va Iroq bilan chegara yaqinidagi Shodegan hududlariga berilgan. Bunga javoban, Eron davlat televideniyesi tarqatgan xabarga ko‘ra, uchuvchisiz uchish apparatlari (dronlar) AQShning Quvaytdagi harbiy obyektlariga hujum uyushtirgan.
CENTCOM axborotiga ko‘ra, mojaro boshlanganidan buyon halok bo‘lgan amerikalik harbiy xizmatchilarning umumiy soni 16 nafarga yetdi, 420 dan ortig‘i esa jarohat oldi. AQSh Mudofaa vaziri Pit Xegset harbiylarning halok bo‘lishi Vashingtonning qatʼiyatini faqat yanada mustahkamlashini taʼkidladi.
Eron ommaviy axborot vositalari, shuningdek, AQShning Bahrayn va Iordaniyadagi obyektlariga ham zarbalar berilgani haqida xabar berdi. Saudiya Arabistonida esa erta ogohlantirish tizimlari bir qator hududlar aholisini yashirinishga chaqirdi.
Eron Oliy rahbari Oyatulloh Mujtabo Xomenei AQShning ushbu xatti-harakatlari Prezident Donald Trampning imzosi “hech qanday qiymat va ishonchga ega emasligini” ko‘rsatganini bayon qildi va Vashingtonni bundan-da og‘irroq oqibatlardan ogohlantirdi.
Eron Sog‘liqni saqlash vazirligi maʼlumotlariga ko‘ra, so‘nggi uch hafta ichida AQSh zarbalari oqibatida 50 kishi halok bo‘lgan, 500 dan ortiq inson jarohatlangan.
AQSh Davlat departamenti Yaqin Sharqdagi vaziyatning yanada keskinlashishi xavfi tufayli xorijdagi amerikaliklar uchun global ogohlantirish eʼlon qildi. CENTCOM maʼlumotlariga ko‘ra, ayni paytda mintaqada yuqori jangovar shaylikni saqlab turgan 50 ming nafardan ortiq AQSh harbiy xizmatchisi safarbar etilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi