HAMAS G‘azodagi hukumatini tarqatib yuborganini e’lon qildi

Iyul 07, 2026. 20:25 • 3 daq

84
HAMAS G‘azodagi hukumatini tarqatib yuborganini e’lon qildi
“AFP” agentligi surati

TOSHKENT, 7-iyul. /“Dunyo” AA/. HAMAS harakati G‘azo sektoridagi hukumatini tarqatib yuborgani va sulh bitimi doirasida anklav boshqaruvini Falastin Texnokratik qo‘mitasiga topshirishga tayyorligini e’lon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “CNN”ga tayanib.

HAMAS vakili, hukumat media-ofisi rahbari Ismoil al-Tavabtaning aytishicha, harakat o‘tish davri yakunlangach, anklav boshqaruvi bilan shug‘ullanuvchi G‘azo sektorini boshqarish bo‘yicha milliy qo‘mita (NCAG)ga ma’muriy vakolatlarni topshirishga tayyor.

Guruh vakillarining so‘zlariga ko‘ra, hokimiyatni topshirish uchun barcha zarur ma’muriy va huquqiy tartib-taomillar tayyorlangan. Shu bilan birga, soni 60 ming kishiga yaqin deb baholanayotgan HAMASning hozirgi davlat tuzilmalari xodimlari yangi ma’muriyat tarkibida faoliyatini davom ettirishi mumkin.

Ayni paytda, HAMAS bayonotida sulh bitimi ikkinchi bosqichining asosiy talablaridan biri bo‘lgan harakatni qurolsizlantirish haqida ma’lumot yo‘q. Avvalroq guruh bu shartni bajarishdan bosh tortib, jarayon Isroil qo‘shinlarining G‘azo sektoridan olib chiqilishi bilan bog‘liq bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan edi.

BMT HAMASning ma’muriy vakolatlarni o‘tish davri qo‘mitasiga o‘tkazish qarorini olqishladi. Tashkilot Bosh kotibining matbuot kotibi Stefan Dyujarrikning aytishicha, sulh bitimining bajarilishiga, tinch aholini himoya qilishga va gumanitar yordam yetkazib berilishini ta’minlashga xizmat qiladigan har qanday qadam ijobiy baholanadi.

Shu bilan birga, sulh bitimini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash uchun tuzilgan “Tinchlik kengashi” bayonotlarni emas, balki amaliy harakatlarni baholashini ma’lum qildi. Tashkilot vakillari “Yagona hokimiyat, Yagona qonun va Yagona qurol” tamoyilini ta’kidlab, HAMASni yana bir bor qurol-yarog‘dan voz kechishga chaqirdi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, HAMASning bu qarori sulh rejasini amalga oshirish qiyinchiliklarga duch kelayotgan bir paytda Isroilga bosimni kuchaytirishga qaratilgan bo‘lishi mumkin. Ularning fikricha, guruh xalqaro vositachilar va AQShga fuqarolik sohasini bevosita boshqarishdan voz kechishga tayyorligini ko‘rsatmoqchi.

Isroil tomoni esa hukumatning tarqatib yuborilishi HAMAS sektor ustidan nazoratdan voz kechganini anglatmaydi, deb hisoblaydi. Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saarning aytishicha, harakat Livanning “Hizbulloh” tashkiloti modelidan foydalanib, xavfsizlik masalalaridagi o‘z ta’sirini saqlab qolishga urinmoqda.

Eslatib o‘tamiz, oktyabr oyida kuchga kirgan 20 banddan iborat sulh rejasi jangovar harakatlarni to‘xtatish, o‘tish davri ma’muriyatini tuzish va keyinchalik G‘azo sektorini tiklashni nazarda tutadi. Biroq bitimning bir qator asosiy qoidalari hali amalga oshirilgani yo‘q.

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu avvalroq G‘azoni faqat HAMAS to‘liq qurolsizlantirilgach va hudud demilitarizatsiya qilingach, tiklash mumkinligini aytgan edi. Tomonlar va xalqaro vositachilar o‘rtasidagi muzokaralar Qatar, Turkiya va Misr ishtirokida davom etmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish