O‘zbekiston mutaxassislari Misrning cho‘l hududlarini o‘zlashtirish va suv tejash tajribasini o‘rgandi
Sentabr 21, 2026. 17:30 • 3 daq
• 86QOHIRA, 21-sentabr. /“Dunyo” AA/. 15–20-sentabr kunlari O‘zbekiston delegatsiyasining Misr Arab Respublikasiga amaliy tashrifi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrifdan asosiy maqsad Misrning cho‘l hududlarini o‘rganish, suv resurslaridan samarali foydalanish hamda qurg‘oqchil hududlarda chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha tajriba almashishdan iborat bo‘ldi.
Hukumat vakillari, fermerlar va tadbirkorlardan iborat 224 kishilik delegatsiya dastlab Misr suv xo‘jaligi va irrigatsiya vaziri Hani Suveylim bilan uchrashib, hamkorlik aloqalari bo‘yicha muzokara o‘tkazdi. Suhbat jarayonida cho‘l hududlarini o‘zlashtirish, yer usti va yer osti suvlaridan oqilona foydalanish, suvni qayta ishlash va takroriy qo‘llash masalalari muhokama qilindi.
Delegatsiya a’zolari “Elsewedy Wataniya” kompaniyasida zamonaviy pivot sug‘orish texnologiyalari bilan ham tanishdi. Qishloq xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot markazi (ARC) bilan hamkorlik doirasida Misrda yetishtirilayotgan hosildor bug‘doy, makkajo‘xori va cho‘l iqlimiga mos guruch navlarini O‘zbekiston sharoitida yetishtirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Tashrifning muhim qismi ikki mamlakat qishloq xo‘jaligi sohasi vakillari ishtirokida o‘tkazilgan B2B formatidagi uchrashuvlar bo‘ldi.
Qohiradagi tadbirda 400 nafarga yaqin fermer, tadbirkor va kompaniya vakillari qatnashib, zamonaviy sug‘orish texnologiyalari, chorvachilik, ozuqa bazasini yaratish, agrotexnologiya va investitsiyaviy loyihalar bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashdi.
Shu bilan birga, vakillarimiz Misrning “Mustaqbal Misr” loyihasi bilan tanishdi. Loyiha misolida cho‘l yerlarini o‘zlashtirish, suvni tejash va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini yo‘lga qo‘yishning amaliy mexanizmlari o‘rganildi.
Misr Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya vaziri Alaa Faruq bilan uchrashuvda cho‘l hududlarini o‘zlashtirish tajribasi, xususan, Navoiy viloyatida qo‘llash imkoniyatlari muhokama qilindi.
Milliy suv tadqiqotlari markazi (NWRC) hamda Qishloq xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot markazining dala maydonlarida suv resurslarini boshqarish, sug‘orish texnologiyalari va turli ekin navlarini sinovdan o‘tkazish tajribasi o‘rganildi.
“Arco Seeds” va “Elsewedy Wataniya” kompaniyalari rahbarlari bilan muzokaralarda Misr tajribasini O‘zbekistonda joriy etish, yaylovlarni obodonlashtirish, chorva uchun yem-xashak yetishtirish va saqlash texnologiyalarini tatbiq qilish masalalari muhokama qilindi.
Tashrif davomida suv tejamkor texnologiyalar, cho‘l hududlarini o‘zlashtirish, zamonaviy chorvachilik, ozuqa bazasini yaratish, ilmiy-tadqiqot, raqamlashtirish va xususiy sektor hamkorligi bo‘yicha aniq amaliy yo‘nalishlar belgilandi.
Erishilgan kelishuvlar Navoiy viloyati va O‘zbekistonning boshqa cho‘l hududlarida yangi yerlarni o‘zlashtirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi va chorvachilikni rivojlantirishda Misr tajribasidan foydalanish uchun muhim amaliy zamin yaratadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi





