Misr OAV: Toshkent xalqaro to‘qimachilik sanoati mutaxassislarini bir maydonga jamlaydi
Avgust 21, 2026. 16:00 • 2 daq
• 102QOHIRA, 21-avgust. /“Dunyo” AA/. Misrning “Sada El Balad” va “Al Diplomasy” nashrlarida Toshkentda 8–10-sentyabr kunlari o‘tkaziladigan 17-Markaziy Osiyo xalqaro to‘qimachilik uskunalari va texnologiyalari ko‘rgazmasi – “CAITME 2026”ga bag‘ishlangan maqolalar eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Sada El Balad” nashrida qayd etilishicha, ko‘rgazmada 17 mamlakatdan 250 ta kompaniya va brend ishtirok etadi. Germaniya, Avstriya, Hindiston, Italiya, Xitoy, Turkiya, AQSH va Shveysariyaning yetakchi ishlab chiqaruvchilari o‘zining zamonaviy uskuna va texnologiyalarini namoyish qiladi.
Maqolalarda CAITME Markaziy Osiyo to‘qimachilik va tikuvchilik sanoatini modernizatsiya qilish, ishlab chiqarish samaradorligi va korxonalar raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladigan muhim xalqaro maydon sifatida baholangan.
“Al Diplomasy” nashri esa ko‘rgazmaning texnologik va investitsiyaviy ahamiyatiga alohida eʼtibor qaratgan. Xususan, materialda 9-sentyabr kuni o‘tkaziladigan “TextileExpo Uzbekistan Sourcing Hub” loyihasi doirasida to‘qimachilik ishlab chiqaruvchilari va xaridorlar sunʼiy intellekt texnologiyalari yordamida B2B formatda muzokaralar o‘tkazishi mumkinligi taʼkidlangan.
Nashrda yozilishicha, “CAITME 2026” ko‘rgazmasi Toshkentning xalqaro to‘qimachilik sanoati, texnologiyalar va ishbilarmonlik hamkorligi uchun muhim mintaqaviy maydon sifatidagi mavqeini yana-da yuksaltiradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

