Indoneziyadan e’tirof: Toshkenttagi Islom sivilizatsiyasi markazi tinchlikka xizmat qiladi
Mart 26, 2026. 11:14 • 2 daq
• 1
JAKARTA, 26-mart. /“Dunyo” AA/. Indoneziyaning “Kalimantan Post” gazetasi bosh muharriri Ika Triyatna Shanti “Dunyo” AA muxbiriga O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining tantanali ochilishi munosabati bilan o‘z fikrlarini bildirdi:
– Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi nafaqat O‘zbekiston, balki butun insoniyat uchun tarixiy ahamiyatga ega muhim voqeadir. Bugungi global beqarorlik, siyosiy inqirozlar va dunyoning turli nuqtalaridagi keskinlik sharoitida Prezident Shavkat Mirziyoyevning ilm-fan, tarix, ma’naviyat va inson tafakkuri uyg‘unligini ifoda etuvchi betakror ma’rifat maskanini barpo etish tashabbusi nihoyatda ahamiyatli va tahsinga sazovordir.
Toshkent shahrida barpo etilgan ushbu majmuada turli millat vakillari O‘zbekistonning uch ming yillik boy tarixi, madaniyati, ilmiy va ma’naviy salohiyati bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Musulmon ummati va xorijiy mehmonlar mazkur markazda saqlanayotgan Qur’oni Karimning eng qadimiy nusxalaridan biri – Usmon Mushafini ko‘rish sharafiga muyassar bo‘lishmoqda.
O‘ylaymanki, buyuk mutafakkirlar, donishmandlar va olimlar yurti, Imom Buxoriy vatani hisoblanmish O‘zbekiston bunday markazni barpo etishga ham ma’naviy, ham tarixiy jihatdan to‘la haqlidir.
Islom sivilizatsiyasi markazi tinchlik, diniy bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik va madaniy muloqotni targ‘ib etuvchi muhim maskanga aylanishiga ishonaman.
“Kalimantan Post” tahririyati hamda nashrimizning barcha obunachilari va muxlislari nomidan O‘zbekiston hukumati va xalqini ushbu ulkan yutuq bilan samimiy tabriklayman. Ishonchim komilki, mazkur markaz Indoneziya va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik va madaniy hamkorlikni yanada mustahkamlashga munosib hissa qo‘shadi.
Uning kelgusidagi faoliyati tarixiy meros va bilimga bo‘lgan hurmat dunyoda tinchlik va taraqqiyotning asosi ekanini yana bir bor namoyon etadi hamda turli millat va din vakillarini O‘zbekistonning boy merosi bilan tanishtirishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi