O‘zbekiston–Tojikiston: tarixiy va madaniy yaqinlikning mustahkam poydevoriga asoslangan ikki tomonlama hamkorlikning yangi bosqichi
Mart 26, 2026. 08:10 • 8 daq
• 183
TOSHKENT, 26-mart. /“Dunyo” AA/. 26–27-mart kunlari Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘ladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlar yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hurmat, strategik sheriklik tamoyillari asosida izchil rivojlanib bormoqda. Ikki mamlakat xalqlarining tarixiy, madaniy va ma’naviy yaqinligi davlatlararo hamkorlikni mustahkamlash va o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1992-yil
22-oktyabrda o‘rnatilgan. O‘shandan buyon davlatlararo muloqot izchil rivojlanib, so‘nggi yillarda alohida sur’at va ko‘p qirrali tus oldi.
Oliy darajadagi muntazam siyosiy muloqot O‘zbekiston–Tojikiston hamkorligini mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi. Keyingi yillarda ikki mamlakat yetakchilarining qator o‘zaro tashriflari bo‘lib o‘tdi, ular strategik sheriklikni rivojlantirish va muhim yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirishga kuchli sur’at bag‘ishladi.
Xususan, 2018-yil mart oyida O‘zbekiston Prezidentining Dushanbega davlat tashrifi, o‘sha yilning avgust oyida esa Tojikiston Prezidentining javob tashrifi amalga oshirildi. 2021-yil iyun oyida O‘zbekiston rahbari Tojikistonga, 2022-yil iyun oyida esa Tojikiston Prezidenti rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga bordi. O‘zbekiston Prezidentining 2024-yil 18–19-aprel kunlari Tojikistonga davlat tashrifi ikki tomonlama muloqotni rivojlantirishning navbatdagi muhim bosqichi bo‘ldi.
O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi siyosiy muloqot yuqori dinamikaga ega bo‘lib, oliy va yuqori darajadagi muntazam aloqalar bilan ajralib turadi.
Ikki mamlakat yetakchilari nafaqat ikki tomonlama formatda, balki xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida ham faol hamkorlik qilib kelmoqda. Xususan, O‘zbekiston va Tojikiston Prezidentlari 2025-yil 16-noyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvida, shuningdek, 2025-yil 9–10-oktyabr kunlari Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan MDH davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishida va 2025-yil 22-dekabr kuni Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tgan MDH davlatlari rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etdi.
“Markaziy Osiyo +” formatlari doirasida ham faol hamkorlik qilinmoqda. Xususan, ikki davlat rahbarlari 2025-yil 3–4-aprel kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” hamda 2025-yil 9–10-oktyabr kunlari Dushanbe shahrida o‘tkazilgan “Markaziy Osiyo – Rossiya” sammitlarida ishtirok etdi.
2025-yil 31-mart kuni Xo‘jand shahrida tashkil etilgan O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston yetakchilarining uch tomonlama uchrashuvi mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishda muhim voqea bo‘ldi. Muzokaralar yakunida uch mamlakat davlat chegaralarining tutashgan nuqtasi to‘g‘risidagi tarixiy shartnoma imzolandi, davlatlarning yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, o‘zaro ishonch va mintaqani barqaror rivojlantirishga intilishini mustahkamlovchi Qo‘shma deklaratsiya qabul qilindi.
Erishilgan kelishuvlar ko‘p yillik chegara masalalarini hal etish, Markaziy Osiyoda barqarorlik va sheriklikni mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi. Ekspertlarning fikricha, qarorlar mintaqaning tinchligi, xavfsizligi va xalqaro nufuzining oshishiga xizmat qiladi. Tomonlar amaliy hamkorlikni kengaytirish, shu jumladan savdo, transport, sanoat, “yashil” energetika, suv resurslari va ekologiya sohalarini rivojlantirish, chegaraoldi hududlarning o‘zaro hamkorligi va madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash borasida intilishlari qat’iy ekanini ta’kidladi.
O‘zbekiston va Tojikiston xalqaro maydonda faol hamkorlik qilib, yetakchi xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar, shu jumladan, BMT, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, MDH, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasida bir-birining tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
BMT doirasida Tojikiston va O‘zbekiston ikki va ko‘p tomonlama darajada yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda. Tojikiston O‘zbekiston tashabbusi bilan tinchlik, barqaror rivojlanish, mintaqaviy hamkorlik, diniy bag‘rikenglik, turizm va ekologiyani mustahkamlashga qaratilgan qator rezolyutsiyalarning hammuallifi hisoblanadi. O‘z navbatida, O‘zbekiston Tojikistonning muhim tashabbuslarini qo‘llab-quvvatladi.
Siyosiy muloqotni mustahkamlashga ko‘maklashadigan va erishilgan kelishuvlarning samarali amalga oshirilishini ta’minlaydigan parlamentlararo va idoralararo aloqalarni rivojlantirish O‘zbekiston–Tojikiston hamkorligining muhim yo‘nalishi hisoblanadi.
Keyingi yillarda ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi aloqalar sezilarli darajada faollashgani kuzatilmoqda. O‘zbekiston vakillari Tojikistondagi parlament va prezidentlik saylovlarida MDH va ShHT missiyalari tarkibida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etgani yuqori darajadagi ishonch va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashdan dalolat beradi. Parlament delegatsiyalarining o‘zaro tashriflari muntazamlik kasb etdi. Parlamentdagi do‘stlik guruhlari doirasidagi aloqalar faol rivojlanmoqda. 2025-yilda parlamentlar rahbariyati darajasida do‘stlik guruhlari hamraislarining uchrashuvlari va muzokaralari bo‘lib o‘tdi, ikki mamlakatning tegishli qo‘mitalari va komissiyalari o‘rtasida qator onlayn maslahatlashuvlar o‘tkazildi.
O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik ikki tomonlama hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biridir. Iqtisodiy munosabatlarning asosini 1996-yilda imzolangan Erkin savdo to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim, 2002-yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston–Tojikiston hukumatlararo komissiyasi faoliyati tashkil etadi.
Keyingi yillarda o‘zaro savdoda barqaror ijobiy sur’at kuzatilmoqda. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 912,3 million dollarga yetdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 30 foizga ko‘pdir. Shu bilan birga, O‘zbekistondan eksport 683 million dollarni, Tojikistondan import esa 229,3 million dollarni tashkil etdi.
Ikki tomonlama savdo tuzilishi xilma-xilligi bilan ajralib turadi. O‘zbekiston eksportining asosiy yo‘nalishlari sanoat tovarlari, xizmatlar, mashinalar va transport uskunalari, kimyo mahsulotlari va mineral yoqilg‘i hisoblanadi. Tojikistondan import tarkibida nooziq-ovqat xomashyosi, yoqilg‘i-energetika resurslari, mashina va uskunalar, oziq-ovqat mahsulotlari ustunlik qiladi.
Investitsiyaviy hamkorlik ham rivojlanmoqda. Bugungi kunda O‘zbekiston hududida Tojikiston kapitali ishtirokidagi 343 ta korxona, jumladan, qo‘shma korxonalar va yuz foiz xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar faoliyat ko‘rsatmoqda. Tojikistonda O‘zbekiston rezidentlari ishtirokida savdo, qurilish materiallari ishlab chiqarish, oziq-ovqat sanoati, transport va boshqa xizmatlar ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi 71 kompaniya faoliyat ko‘rsatmoqda.
O‘zaro investitsiyalar hajmi ham sezilarli darajada oshdi. Xususan, 2025-yilda Tojikiston bilan hamkorlik doirasida 427 million dollardan ortiq xorijiy investitsiya va kreditlar o‘zlashtirildi, bu o‘tgan davrga nisbatan qariyb uch barobar ko‘pdir.
Transport infratuzilmasini rivojlantirish va logistika aloqalarini kengaytirish O‘zbekiston–Tojikiston hamkorligining muhim yo‘nalishi hisoblanadi. Bu boradagi hamkorlik iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, savdo hajmini oshirish va mintaqaning tranzit salohiyatini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston va Tojikiston temir yo‘l va avtomobil yo‘llari ma’muriyatlarining hamkorligi xalqaro transport tashkilotlari orqali amalga oshirilmoqda. 2022-yil iyun oyidan boshlab Dushanbe–Toshkent muntazam temir yo‘l qatnovi qayta tiklandi. 2025-yilda esa xalqaro yuk tashish hajmi 9,9 million tonnaga yetib, o‘tgan yilga nisbatan 12,7 foizga oshgan. 2018-yilda imzolangan hukumatlararo bitim avtomobilda yo‘lovchi va yuk tashishni kengaytirishga xizmat qildi. Bugungi kunda “Toshkent–Xo‘jand”, “Qo‘qon–Shaydon”, “Dushanbe–Termiz”, “Toshkent–Dushanbe”, “Samarqand–Panjikent” va “Dushanbe–Denov” yo‘nalishlarida muntazam avtobus qatnovlari yo‘lga qo‘yilgan.
Aviatashuvlar sohasidagi hamkorlik ham faol rivojlanmoqda. Bugungi kunda ikki davlat o‘rtasida “Uzbekistan Airways”, “Centrum Air” va “Somon Air” aviakompaniyalari tomonidan haftasiga 10 tagacha muntazam aviaqatnovlar amalga oshirilmoqda. 2025-yilda ikki mamlakat aviatashuvchilari 133 mingdan ortiq yo‘lovchini tashidi, bu o‘tgan yilga nisbatan 24 foizga ko‘pdir.
O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar tarkibida energetika sohasidagi hamkorlik muhim o‘rin tutadi. Tomonlar suv-energetika resurslaridan oqilona foydalanish, elektr energiyasi ishlab chiqarish va energiya resurslarini yetkazib berish sohasidagi hamkorlikni izchil rivojlantirmoqda.
Madaniy-gumanitar hamkorlik O‘zbekiston–Tojikiston munosabatlarida alohida o‘rin tutadi va ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Keyingi yillarda madaniy-ma’rifiy va ilmiy almashinuvlar sezilarli darajada faollashdi. Madaniyatlararo muloqotni kengaytirish va umumiy tarixiy-madaniy merosni asrab-avaylashga xizmat qiladigan kino kunlari, madaniyat forumlari, anjumanlar, teatrlarning gastrol safarlari va qo‘shma madaniy tadbirlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda.
Xususan, turli yillarda Tojikistonda O‘zbekiston va O‘zbekistonda Tojikiston kino kunlari, ikki mamlakat ijodkor ziyolilari ishtirokida madaniy tadbirlar tashkil etilgan. Tojikiston delegatsiyalari O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan xalqaro madaniyat festivallari, jumladan, baxshichilik san’ati, “Sharq taronalari” festivallari va xalqaro xalq ijodiyoti anjumanlarida muntazam ishtirok etib kelmoqda.
Ta’lim va ilm-fan sohasidagi hamkorlik alohida ahamiyatga ega. Ilmiy-amaliy anjumanlar, olimlar va akademik doiralar vakillarining uchrashuvlari o‘tkazilmoqda. Ijtimoiy obyektlar qurilishi ikki tomonlama hamkorlikning muhim ramzi bo‘ldi. Xususan, O‘zbekiston tomonidan Tojikistonning So‘g‘d viloyatida maktab qurildi, shuningdek, Kubodiyon tumanida tibbiyot infratuzilmasini yaratish bo‘yicha loyihalar amalga oshirildi, u yerda shifoxona va poliklinikalar barpo etildi.
Yoshlar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Ikki mamlakat yoshlari o‘rtasida o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga qaratilgan yoshlar forumlari, ekologik oromgohlar va ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda.
Madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishda O‘zbekistondagi tojik diasporasi muhim o‘rin tutadi. Mamlakatimizda tojik tilida milliy madaniy markazlar, ta’lim muassasalari, ommaviy axborot vositalari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Xususan, O‘zbekistonda 253 ta maktabda ta’lim tojik tilida olib borilmoqda, bir qator universitetlarda ta’lim tojik tilida olib boriladigan guruhlar tashkil etilgan. Bundan tashqari, tojik tilida matbuot nashrlari, teleko‘rsatuv va radioeshittirishlar tayyorlanmoqda, bu esa milliy madaniyat va an’analarni saqlab qolishga xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda O‘zbekiston–Tojikiston munosabatlari barqaror rivojlanish sur’atini namoyish etib, siyosiy muloqot va iqtisodiy hamkorlikdan tortib madaniy-gumanitar almashinuvgacha bo‘lgan hamkorlikning keng ko‘lamli yo‘nalishlarini qamrab olgan.
Oliy darajadagi muntazam muloqotlar, xalqaro tashkilotlar doirasidagi faol hamkorlik, o‘zaro savdoning o‘sishi va qo‘shma infratuzilmaviy loyihalarning rivojlanishi ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikning yuksak darajasidan dalolat beradi.
O‘zbekiston va Tojikiston xalqlarining tarixiy va madaniy yaqinligi, tomonlarning o‘zaro hurmat, ishonch va bir-birining manfaatlarini hisobga olish asosida hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga intilishi ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi.
Hech shubhasiz, oliy darajadagi navbatdagi O‘zbekiston–Tojikiston sammiti nafaqat ikki davlat, balki umumiy Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlik, xavfsizlik va izchil taraqqiyotni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Surat O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati arxividan olindi
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi