Logo

Germaniyaning Leverkuzen va Gannover shaharlarida Navro‘z bayramining nishonlanishi O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv va do‘stlik aloqalarini mustahkamlamoqda

Mart 26, 2026. 10:40 • 2 daq

21
Germaniyaning Leverkuzen va Gannover shaharlarida Navro‘z bayramining nishonlanishi O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv va do‘stlik aloqalarini mustahkamlamoqda

LEVYERKUZEN-GANNOVYER, 26-mart. /“Dunyo” AA/. Bahor, yangilanish va ezgulik ramzi bo‘lgan Navro‘z bayrami Germaniyaning Leverkuzen va Gannover shaharlarida ham nishonlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirlar davomida O‘zbekiston diplomatlari Navro‘zning mamlakatimizda umummilliy qadriyat sifatida keng nishonlanishini alohida ta’kidlab, uni asrab-avaylash va kelajak avlodga yetkazishga davlat darajasida e’tibor qaratilayotganini qayd etdi.

Madaniy maskanlarda O‘zbekistonning boy an’analari va zamonaviy taraqqiyotini aks ettiruvchi ko‘rgazmalar tashkil etildi. Milliy hunarmandchilik buyumlari, amaliy san’at namunalari hamda turistik salohiyatni namoyon etuvchi materiallar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Bayram dasturidan milliy o‘yinlar ham o‘rin oldi. Jumladan, “Kim oladi-yo, shuginani-yo”, “Arqon tortish” kabi umumxalq o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Ushbu bellashuvlar bolalarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Tadbirlarda Germaniyaning oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar, turli sohalarda faoliyat yuritayotgan yurtdoshlarimiz hamda nemis jamoatchiligi vakillari ishtirok etdi.

Bolalar uchun tashkil etilgan milliy o‘yinlar va ijodiy mashg‘ulotlar xorijda voyaga yetayotgan yosh avlodda milliy qadriyatlarga hurmat va mehrni mustahkamlashga xizmat qildi.

Shuningdek, tadbirlarda palov, somsa va turli shirinliklar taqdim etildi, o‘zbek milliy taomlari va mehmondo‘stlik an’analari namoyish etildi.

Turli shaharlarda o‘tkazilgan Navro‘z sayillari nafaqat bayramona kayfiyat ulashdi, balki O‘zbekistonning boy madaniy merosini targ‘ib qilishda muhim ahamiyat kasb etib, vatandoshlar o‘rtasida hamjihatlikni yanada mustahkamladi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish