Logo

Pokiston matbuoti: Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi dunyo e’tirofidagi mega-loyihaga aylanmoqda

Mart 26, 2026. 09:26 • 3 daq

25
Pokiston matbuoti: Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi dunyo e’tirofidagi mega-loyihaga aylanmoqda

ISLOMOBOD, 26-mart. /“Dunyo” AA/. Pokictonning markaziy “Daily Financial Times” va “The Daily Morning News” gazetalarida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishiga bag‘ishlangan maqolalar e’lon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrlarda yozilishicha, 2025-yil 29-yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifi davomida, ikki mingdan ortiq mahalliy va xorijiy olimlar tomonidan ishlab chiqilgan ilmiy-innovasion loyihalardan markaz ekspozitsiyalarida foydalanish bo‘yicha qator tavsiya va topshiriqlar bergan edi.

“Bu chinakam tarixiy tashrif bo‘ldi. O‘tgan bir yil davomida markaz binosi to‘liq qurib bitkazildi. Markaz faoliyatini takomillashtirish va uning mazmunini boyitish ishlariga 40 dan ortiq mamlakatdan mutaxassislar va dizaynerlar jalb etildi. Ularning barchasi Prezident tashabbusi va g‘oyalari bilan yaratilgan megaloyiha atrofida birlashdi”, deya fikr yuritilgan materialda.

Gazetalarda ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Prezidenti 2025-yil sentyabr oyida BMTning yuksak minbaridan turib, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi qurib bitkazilgani va tez orada ochilishini ma’lum qilgan edi. O‘tgan davr mobaynida ekspozitsiyalarning ichki mazmuni yanada boyitildi.

Maqolalarda qator davlat rahbarining O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifi davomiga olgan taassurotlari pokistonlik mushtariylar e’tiboriga taqdim etilgan.

“O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib, mamlakat rahbariyatining o‘zbek xalqining boy madaniy va ma’naviy qadriyatlarini asrab-avaylash va targ‘ib qilishga sodiqligiga yana bir bor ishonch hosil qildik. Islomofobiya kuchayib borayotgan bir sharoitda Markazning ochilishi alohida ahamiyat kasb etadi. U islomning bunyodkorlik, insonparvarlik, bag‘rikenglik, do‘stlik va birodarlik dini ekanini yaqqol namoyon etadi”, – deya Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev fikrlaridan iqtibos keltirgan bosma nashrlar.

Mutaxassislar va siyosatchilar yakdillik bilan ushbu loyiha radikalizm va islomning buzilgan qiyofasiga qarshi gumanitar qalqon bo‘lganini ta’kidlamoqda.

Markaz faoliyati uchun madaniy merosni qaytarish alohida ahamiyatga ega. Prezident topshirig‘iga binoan maxsus davlat va diplomatik mexanizmlar yaratildi, bu esa dunyodagi eng yirik kimoshdi savdo uylari – “Sotheby’s”, “Christie’s”, “Bonhams” va boshqa yetakchi muzeylar va xususiy kolleksionerlar bilan tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkonini berdi. Natijada, ikki mingga yaqin noyob osori-atiqalar, jumladan, Ibn Sino qo‘lyozmalari, Beruniy asarlari, Temuriylar davri miniatyuralari, islom san’ati durdonalari yurtimizga qaytarildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish