Logo

Islom sivilizatsiyasi markazi Ginnesning rekordlar kitobi unvoniga loyiq ko‘rildi

Aprel 13, 2026. 20:28 • 4 daq

40
Islom sivilizatsiyasi markazi Ginnesning rekordlar kitobi unvoniga loyiq ko‘rildi
Islom sivilizatsiyasi markazi Ginnesning rekordlar kitobi unvoniga loyiq ko‘rildi
Islom sivilizatsiyasi markazi Ginnesning rekordlar kitobi unvoniga loyiq ko‘rildi

TOSHKENT, 13-aprel. /“Dunyo” AA/. Bugun O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi “Dunyodagi eng yirik Islom sivilizatsiyasi muzeyi” sifatida rasman e’tirof etilib, Guinness World Records (Ginnesning rekordlar kitobi)ning nufuzli unvoniga loyiq ko‘rildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tantanali taqdirlash marosimida Guinness World Records rasmiy vakili va hakami – Sheyda Subashi ishtirok etib, Islom sivilizatsiyasi markazi barcha xalqaro standartlarga to‘liq javob berishini ta’kidladi.

Tadbirda, shuningdek, loyihani amalga oshirishga salmoqli hissa qo‘shgan me’morlar, olimlar, dizaynerlar va quruvchilar ishtirok etdi. Mukofot Markaz Ilmiy kengashi a’zolariga topshirildi.

Tantanali marosimda Guinness World Records rasmiy vakili Sheyda Subashi fikr bildirdi:

“Guinness World Records rasmiy vakili sifatida shuni aytishim mumkinki, muzeyning har bir burchagi va taqdim etilgan har bir eksponat o‘ziga xos noyoblik hamda madaniy qiymatga ega. Ushbu majmuani barpo etish ortida yillar davomida olib borilgan keng ko‘lamli va mashaqqatli mehnat yotgani yaqqol ko‘rinib turibdi.

Muzeyga tashrif buyurish meni juda hayratda qoldirdi. Bu haqiqatan ham chuqur va mazmunli tajriba bo‘ldi. Tashrif doirasida barcha narsani to‘liq qamrab olishning imkoni bo‘lmasa-da, baholash jarayoni belgilangan tartib-qoidalarga qat’iy muvofiq ravishda amalga oshirildi. Men rasmiy logbuk (qaydlar daftari)dan foydalanib, har bir eksponatni qayd etdim. Ushbu qaydlar islom arxeologiyasi, san’ati va fani sohasidagi mutaxassislar tomonidan tasdiqlandi.

Bu yerda amalga oshirilgan ishlardan juda hayratlandim. Ushbu loyihani hayotga tadbiq etishda ishtirok etgan barchaga o‘z minnatdorligimni bildirmoqchiman. Bu ulkan sa’y-harakatlar va yuksak professionallik natijasi bo‘lgan ulkan yutuqdir. Har bir ishtirokchining hissasi alohida hurmatga loyiq. Guinness World Records tili bilan aytganda, bu – haqiqatan ham hayratlanarli!”

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mualliflik mega-loyihasi sifatida hayotga tadbiq etilgan ulkan ilmiy-ma’rifiy va muzey majmuasidir. Loyiha 2017-yilda boshlangan bo‘lib, 2026-yil 17-martda yakuniga yetdi. U ilmiy salohiyat, madaniy meros va zamonaviy texnologiyalarni yagona makonda birlashtirgan “Yangi O‘zbekiston”ning noyob madaniy-ma’rifiy platformasi sifatida qad rostladi.

Mazkur mega-loyiha davlat rahbarining milliy o‘zlikni anglashni mustahkamlash hamda O‘zbekistonni jahon maydonida Islom sivilizatsiyasining asosiy markazlaridan biri sifatida targ‘ib qilish borasidagi strategik qarashlarini aks ettiradi.

Loyihaning bosh me’mori Abduqahhor Turdiyev shunday dedi:

“Markazning o‘ziga xosligi shundaki, uning me’morchiligi O‘zbekistonning boy madaniyati va merosini aks ettiradi. Amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli mamlakatimiz o‘zini nafaqat fan va madaniyat markazi, balki sivilizatsiyalararo global muloqotda faol ishtirok etayotgan davlat sifatida namoyon etib, dunyoga ishonch bilan ochilmoqda”.

Bugungi kunda Markaz mintaqaning eng ko‘p tashrif buyuriladigan madaniy-ilmiy maskanlaridan biriga aylandi: har kuni unga 5 000 nafargacha kishi tashrif buyurmoqda. Bu esa ham O‘zbekiston fuqarolari, ham xorijiy mehmonlar tomonidan qiziqish yuqori ekanidan dalolat beradi.

Guinness World Records unvonining berilishi nafaqat loyiha ko‘lamining e’tirofi, balki uni amalga oshirishda ishtirok etgan yuzlab mutaxassislar, olimlar va ekspertlar mehnatiga berilgan yuksak bahodir.

Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov o‘z nutqida shunday ta’kidladi:

“Shubhasiz, ushbu mukofot muhtaram Prezident Shavkat Mirziyoyevning mualliflik loyihasiga berilgan munosib e’tirof va mukofotdir. Davlatimiz rahbari tomonidan faoliyatimiz uchun barcha zarur sharoitlar yaratib berildi va bugungi kunda bizning asosiy maqsadimiz – O‘zbekistonning boy madaniy merosini saqlash va ommalashtirish, shuningdek, muqaddas Islom dinimizning ezgulik, tinchlik, ma’rifat va bag‘rikenglik dini sifatidagi insonparvar g‘oyalarini targ‘ib qilishga qaratilgan keng ko‘lamli ilmiy-ma’rifiy loyihalarni amalga oshirishda ushbu salohiyatdan samarali foydalanishdir”.

Guinness World Records maqomining olinishi O‘zbekistonning islom fani, madaniyati va ma’rifatining muhim turistik va tarixiy markazlaridan biri sifatidagi rolini mustahkamlaydi. Bu, shuningdek, Markazning o‘zaro hurmat, bag‘rikenglik va madaniy xilma-xillik tamoyillariga asoslangan sivilizatsiyalararo muloqotning zamonaviy platformasi sifatidagi ahamiyatini yanada oshiradi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish