Logo

Xitoy ommaviy axborot vositalari Islom sivilizatsiyasi markazini mintaqaning muhim loyihalaridan biri sifatida eʼtirof etdi

Mart 23, 2026. 15:43 • 2 daq

68
Xitoy ommaviy axborot vositalari Islom sivilizatsiyasi markazini mintaqaning muhim loyihalaridan biri sifatida eʼtirof etdi

PEKIN, 23-mart. /“Dunyo” AA/.  Xitoyning ingliz tilidagi yetakchi «China Daily» gazetasida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga bag‘ishlangan tahliliy maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

«Toshkentda o‘zbek madaniyatining ramziy inshooti qad rostladi» sarlavhali maqolada qayd etilishicha, yangi Islom sivilizatsiyasi markazi o‘z ochilishidan so‘ng mamlakatning eng muhim madaniy obyektlaridan biri sifatida eʼtirof etildi.

«Majmua nafaqat madaniy diqqatga sazovor maskan, balki Yangi O‘zbekistonning maʼnaviy va intellektual taraqqiyoti strategiyasining ham ifodasidir. U Toshkentning tarixiy markazida 10 gektar maydonni egallagan bo‘lib, 65 metr balandlikdagi moviy gumbaz hamda O‘zbekistonning barcha hududlari birligini ramziy ifodalovchi to‘rtta oltin darvozani o‘z ichiga oladi. Uning meʼmoriy uslubi har bir chiziqqa alohida eʼtibor qaratilgan holda, Temuriylar davri anʼanalari bilan zamonaviy texnologik yechimlarning uyg‘un va hamohang birlashuvini aks ettiradi», - deb yozadi «China Daily».

Asosiy ustun O‘zbekistonning tarixiy obidalaridan biri bo‘lgan Ulug‘bek madrasasining boy meʼmoriy anʼanalarini aks ettirib, Qurʼondan olingan xattotlik yozuvlari bilan bezatilgan. Ko‘rgazmaning konsepsiyasi anʼanaviy muzeylardan farq qiladi - u oddiy tarixiy faktlarni bayon etish doirasidan chiqib, tashrif buyuruvchilarni jonli intellektual muhitga sho‘ng‘itadi. “Sivilizatsiyalar devori” deb nomlangan yirik multimedia paneli insoniyatning uzluksiz intellektual taraqqiyotini tasvirlab, har bir davrning buyuk allomalari tomonidan amalga oshirilgan kashfiyotlar zamonaviy ilg‘or texnologiyalar bilan bevosita uzviy bog‘liqligini yaqqol namoyon etadi.

40 dan ortiq mamlakatlardan kelgan mutaxassislar va dizaynerlar markaz faoliyatini takomillashtirish hamda uning ekspozitsiyalarini boyitishga o‘z hissalarini qo‘shgan. Mazkur loyiha, shuningdek, xorijda tarqalib ketgan o‘zbek madaniy merosini qaytarishga ham xizmat qilmoqda. Fevral oyida Versal mukofotining Xalqaro qo‘mitasi markazni “2026 yilning dunyodagi eng go‘zal muzeylari” ro‘yxatiga kiritdi.

«China Daily» o‘z nashrida o‘quvchilarni O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlarning zamonaviy holati bilan ham tanishtiradi. Taʼkidlanishicha, Uzbekistan va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlik so‘nggi yillarda siyosiy muloqot, xavfsizlik, savdo-iqtisodiy aloqalar, shuningdek madaniy va insonlararo almashinuvlarni qamrab olgan holda barqaror rivojlanish dinamikasini namoyon etmoqda.

«China Daily» gazetasining xulosasiga ko‘ra, Uzbekiston va Xitoy barcha sohalarda hamkorlik uchun ulkan salohiyatga ega. Ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik ikki tomonlama hamda xalqaro miqyosda mustahkam do‘stlik va ishonchli sheriklikning yorqin namunasi sifatida eʼtirof etiladi.


Default Avatar

Material muallifi

Dunyo1

dunyo1@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish