Latviyalik tadbirkorlar bilan qo‘shma biznes loyihalar amalga oshiriladi
Dekabr 21, 2025. 11:38 • 2 daq
• 489
RIGA, 24-dekabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Latviyadagi elchixonasi tomonidan ikki davlat o‘rtasida iqtisodiy hamkorlikni yana-da rivojlantirish maqsadida tadbir tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu tadbirda Latviyaning 30 ga yaqin ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.
Chet ellik tadbirkorlar O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, savdo va tadbirkorlikni rivojlantirish, erkin iqtisodiy va industrial zonalar imkoniyatlari bilan tanishtirildi. Xorijiy investorlar uchun amaldagi imtiyozlar va preferensiyalar, mamlakat hududlarida sanoat, qishloq xo‘jaligi, energetika, infratuzilma, logistika va xizmatlar sohalarida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari xususida maʼlumot berildi.
Taqdimot davomida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan iqtisodiyotni raqamlashtirish, transport va ishlab chiqarish infratuzilmasini modernizatsiya qilish, innovatsion tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari ham yoritib berildi. Mamlakatda ochiqlik, raqobatbardoshlikni oshirish va xalqaro hamkorlik, xorijiy hamkorlar bilan uzoq muddatli sheriklikni kengaytirishga yo‘naltirilgan yangi muhit shakllanayotgani taʼkidlandi.
Tadbirning alohida qismi O‘zbekistonning turistik imkoniyatlariga bag‘ishlandi. Vakillarimiz yurtimizda madaniy-maʼrifiy, tarixiy, gastronomik turizmni rivojlantirish imkoniyatlari, turistik infratuzilma va milliy turistik mahsulotni xalqaro bozorlarda namoyish qilishga qaratilgan loyihalar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Latviya ishbilarmon doiralari vakillari transport va logistika, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarni Yevropaga eksport qilish va boshqa sohalardagi hamkorlik masalalariga katta qiziqish bildirdi. O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari o‘rtasida tranzit yo‘nalishlarini rivojlantirish, Latviyaning port, temir yo‘l va aviatsiya infratuzilmasidan foydalanish, yuk tashish, multimodal sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Tadbir yakunida 2026-yil mart oyida latviyalik tadbirkorlardan iborat biznes-missiyaning O‘zbekistonga tashrifi bo‘yicha kelishuvga erishildi. Ushbu tashrif doirasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va turistik sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qilish rejalashtirildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi