G‘azodagi qishloq xo‘jaligi yerlarining atigi 3 foizi ishlov berish uchun yaroqli holatda
Avgust 19, 2026. 18:30 • 2 daq
• 22
G‘AZO, 19-avgust. /“Dunyo” AA/. G‘azo sektorida davom etayotgan jangovar harakatlar fonida qishloq xo‘jaligi yerlarining atigi 3 foizi foydalanish va ishlov berish uchun yaroqli bo‘lib qolmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “BMT yangiliklari” maʼlumotiga tayanib.
BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan UNOSAT bilan hamkorlikda o‘tkazilgan sunʼiy yo‘ldosh tasvirlari tahliliga ko‘ra, 448 gektar qishloq xo‘jaligi yeri yoxud ularning umumiy maydonining qariyb 3 foizi foydalanish uchun yaroqli holatda. 2025-yil oktyabr oyida bunday yerlar 601 gektarni tashkil etgan edi.
FAO foydalanish mumkin bo‘lgan maydonlarning qisqarishini, avvalo, yangi vayronagarchiliklar bilan emas, balki yerlarga kirish imkoniyati cheklangani bilan izohlamoqda. 2026-yil iyun oyida G‘azodagi 4 ming gektardan sal ko‘proq yoki qishloq xo‘jaligi yerlarining 27 foizidan foydalanish imkoniyati saqlanib qolgan. Biroq ularning qariyb 3,6 ming gektari allaqachon ishlov berishga yaroqsiz. Foydalanish mumkin bo‘lgan yerlarning keskin qisqarishi Dayr al-Balah va Xon Yunisda “sariq chiziq” deb ataladigan hudud g‘arbga siljiganidan keyin sodir bo‘ldi.
Ayniqsa, Rafahda vaziyat og‘ir: bu yerda qishloq xo‘jaligi yerlarining 97,2 foizi va issiqxonalarning 98,4 foizidan foydalanish imkoni yo‘q. Shu bilan birga, FAO maʼlumotlariga ko‘ra, eng katta jismoniy vayronagarchiliklar hamon Shimoliy G‘azo va G‘azo viloyatida qayd etilgan.
Vayronagarchilik ko‘lami sektorning deyarli butun hududini qamrab olgan. 2025-yil oktyabr oyida eʼlon qilingan UNOSAT maʼlumotiga ko‘ra, G‘azodagi barcha binolarning qariyb 81 foizi shikastlangan, 123 mingdan ortig‘i butunlay vayron qilingan.
2026-yil aprel oyida BMT, Jahon banki va Yevropa Ittifoqining qo‘shma baholash hisobotida 371,8 mingdan ortiq turar-joy vayron bo‘lgani yoki shikastlangani, aholining 60 foizdan ortig‘i esa o‘z uyidan ayrilgani ko‘rsatilgan.
G‘azo sog‘liqni saqlash idoralari maʼlumotlariga ko‘ra, iyul oyi boshiga kelib halok bo‘lganlar soni 73 ming kishidan oshgan. Shu sharoitda fermerlar suv, urug‘, o‘g‘it va uskunalar tanqisligiga duch kelmoqda. FAOning ogohlantirishicha, agar yerlardan xavfsiz foydalanish imkoniyati tiklanmasa va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari qo‘llab-quvvatlanmasa, G‘azoning mustaqil ravishda oziq-ovqat ishlab chiqarish imkoniyati pasayishda davom etadi.
“BMT yangiliklari” fotosurati
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi