Donald Tramp AQSH va Janubiy Koreyaning qo‘shma harbiy mashg‘ulotlari sezilarli darajada qisqartirilishini eʼlon qildi

Avgust 17, 2026. 19:00 • 3 daq

137
Donald Tramp AQSH va Janubiy Koreyaning qo‘shma harbiy mashg‘ulotlari sezilarli darajada qisqartirilishini eʼlon qildi
“AFP” agentligi surati

VASHINGTON–SEUL, 17-avgust. /“Dunyo” AA/. AQSH Prezidenti Donald Tramp KXDR yetakchisi Kim Chen In bilan yaxshi munosabatlariga ishora qilib, Janubiy Koreya bilan qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarni sezilarli darajada qisqartirish niyatida ekanini maʼlum qildi, deya xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Yonhap” axborot agentligiga tayanib.

Prezident “Truth Social”dagi postida Janubiy Koreya yaqinda Eronni yadrosizlantirishda AQSHga qo‘shilishdan bosh tortganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘shma mashg‘ulotlar nafaqat qimmatga tushadi va xarajatlarning katta qismini AQSH o‘z zimmasiga oladi, balki mutlaqo noo‘rin va dushmanona signal ham yuboradi.

Uning taʼkidlashicha, bo‘lajak mashg‘ulotlarni bekor qilish uchun juda kech, chunki AQSH va Janubiy Koreyaning yillik qo‘shma manevrlari bugun boshlanishi kerak. Avvalroq Seul mashg‘ulotlar reja bo‘yicha o‘tkazilishini maʼlum qilgan edi.

Janubiy Koreya hukumati Donald Trampning bayonotlarini o‘rganayotgani va Vashington hamda Pxenyan o‘rtasidagi yaxshi munosabatlar mazmunli muloqotga olib kelishiga umid qilishini bildirdi. Pxenyan hozircha Amerika prezidentining bayonotiga izoh bergani yo‘q.

Shuningdek, Janubiy Koreya prezidenti maʼmuriyati Seul Vashington bilan Hurmuz bo‘g‘ozi bilan bog‘liq harbiy hamkorlik masalalari yuzasidan diplomatik maslahatlashuvlarni davom ettirishi hamda qo‘shma mashg‘ulotlar tafsilotlarini muhokama qilishini maʼlum qildi.

AQSH va Janubiy Koreya harbiylari avvalroq 11 kunlik “Ulchi Freedom Shield” mashg‘ulotlarini eʼlon qilgan edi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, manevrlar ko‘lami o‘tgan yillardagiga qiyoslanadigan darajada bo‘lib, ularda 18 mingga yaqin janubiy koreyalik harbiy xizmatchi ishtirok etadi. Janubiy Koreyada 28,5 mingga yaqin amerikalik harbiy xizmatchi istiqomat qiladi.

Mutaxassislar qo‘shma mashg‘ulotlarning qisqarishi ikki mamlakat qurolli kuchlarining o‘zaro muvofiqlashuvini va Osiyoda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan mojarolarni jilovlash imkoniyatini zaiflashtirishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Prezidentning bayonoti KXDR tomonidan BMT tomonidan taqiqlangan qator raketa sinovlari o‘tkazilganidan so‘ng yangradi. O‘tgan hafta Janubiy Koreya, AQSH va Yaponiya bir necha kun ichida Shimoliy Koreyaning ikkinchi raketa uchirganini qayd etdi. Pxenyan qo‘shma mashg‘ulotlarni “agressiv urush repetitsiyasi” deb atadi.

So‘nggi yillarda KXDRda Kim Chen In va Donald Tramp o‘rtasidagi diplomatik aloqalar 2019-yilda to‘xtaganidan so‘ng yadroviy va raketa dasturlarini rivojlantirish jadallashdi. O‘sha yili Donald Tramp Shimoliy Koreya hududiga tashrif buyurgan AQSHning birinchi amaldagi prezidenti bo‘ldi.

AQSH avval ham Janubiy Koreya bilan qo‘shma mashg‘ulotlarni qisqartirgan. 2018-yilda Donald Tramp Kim Chen In bilan yadrosizlantirish bo‘yicha muzokaralar fonida manevrlarni provokatsion deb atab, katta mablag‘ tejash imkoniyati borligini aytib, ularni butunlay to‘xtatib qo‘ygan edi. 2020-yilda mashg‘ulotlar COVID-19 pandemiyasi tufayli yana qisqartirildi.

O‘tgan hafta Janubiy Koreya prezidenti Shimoliy Koreyaga 1953-yilda sulh imzolanganidan buyon rasman davom etayotgan urushni rasmiy yakunlash bo‘yicha muzokaralarni boshlashni taklif qildi.

“AFP” agentligi surati

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish