“Daily Independent” gazetasi: Toshkent xalqaro investitsiya forumi Markaziy Osiyoning asosiy investitsiya platformasiga aylandi

Iyun 13, 2026. 18:00 • 2 daq

114
“Daily Independent” gazetasi: Toshkent xalqaro investitsiya forumi Markaziy Osiyoning asosiy investitsiya platformasiga aylandi

ISLOMOBOD, 13-iyun. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “Daily Independent” gazetasida “TIIF-2026: Markaziy Osiyoning yangi investitsiya arxitekturasini shakllantiradi” sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda shu yilning 16–19-iyun kunlari O‘zbekiston poytaxtida mamlakatning asosiy investitsiya platformasi va mintaqadagi eng yirik iqtisodiy tadbirdaridan biri – V Toshkent xalqaro investitsiya forumi bo‘lib o‘tishi keng yoritilgan.

Maqolada ta’kidlanishicha, Toshkent xalqaro investitsiya forumi Markaziy Osiyoning asosiy investitsiya platformasi sifatida mustahkamlanib, davlatlar, xalqaro investorlar va global biznes vakillarini birlashtirmoqda. Forum shunchaki muloqot maydoni emas, balki mintaqaning amaliy investitsiya kun tartibi shakllanadigan makon sifatida namoyon bo‘lmoqda.

TIIF-2025 ko‘lami forum o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga o‘tganini yaqqol namoyon qilgani, unda dunyoning 97 mamlakatidan 8000 nafardan ortiq delegat ishtirok etdi. Imzolangan investitsiya kelishuvlarining umumiy hajmi esa 30,5 milliard AQSH dollarini tashkil qildi. Bu ko‘rsatkichlar mintaqaviy investitsiya platformalari orasidagi eng ahamiyatli natijalardan biriga aylandi.

Ishtirokchilar sonining ortishi, geografiyaning kengayishi va tuzilgan bitimlar hajmining ko‘payishi O‘zbekiston investitsiya muhitiga xalqaro biznes ishonchining sezilarli darajada mustahkamlanayotganini ko‘rsatmoqda.

TIIF-2026ning asosiy xususiyatlaridan biri – bir makonda siyosiy, moliyaviy va korporativ kapitalning noyob konsentratsiyasini shakllantiradigan yuqori darajadagi vakillik hisoblanadi. Forumda Markaziy Osiyo va Yevropa mamlakatlari yetakchilari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va ko‘p tomonlama taraqqiyot banklari rahbarlari ishtirok etadi.

Ishtirokchilar orasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Yevropa investitsiya banki, Osiyo taraqqiyot banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi, shuningdek, suveren fondlar va eksport-kredit agentliklari vakillari bor. Bunday tarkib davlat islohotlari, global moliyaviy institutlar va xususiy kapital o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqani ta’minlaydi.

Maqola xulosasida yozilishicha, TIIF an’anaviy konferensiya formatidan chiqib, mintaqaviy iqtisodiy rivojlanish tuzilmasiga ta’sir ko‘rsatuvchi amaliy investitsiya ekotizimiga aylanmoqda. Shu nuqtayi nazardan, ushbu forumga O‘zbekistonning global investitsiya arxitekturasidagi rolini mustahkamlash va uning xalqaro kapital bozorlariga integratsiyasini yanada kengaytirishning navbatdagi bosqichi sifatida qaralmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish