Rossiya OAV: Toshkent xalqaro investitsiya forumi Markaziy Osiyoning yangi investitsiya me’morchiligini shakllantirmoqda

MOSKVA, 13-iyun. /“Dunyo” AA/. Rossiyaning nufuzli “Posolskaya jizn” nashrida “TIIF-2026: Markaziy Osiyoning yangi investitsiya me’morchiligini shakllantirish” sarlavhali tahliliy maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada ta’kidlanishicha, Toshkent xalqaro investitsiya forumi xalqaro investorlar va biznes vakillarini bir maydonga jamlaydigan Markaziy Osiyoning asosiy investitsiyaviy platformasi sifatida o‘z mavqeini mustahkamladi. Forum shunchaki muloqot maydoni emas, balki mintaqaning amaliy investitsiya kun tartibi belgilanadigan strategik makon sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Rossiya nashrining yozishicha, Toshkent xalqaro investitsiya forumining ahamiyati nafaqat uning keng ko‘lami, balki ishtirokchilar uchun amaliy qiymati yuqori ekanligi bilan ham belgilanadi.
Shuningdek, maqolada TXIF-2026 anjumanining boshqa tadbirlardan ajralib turuvchi asosiy xususiyatlaridan biri sifatida unda ishtirok etuvchi delegatsiyalarning darajasi nihoyatda yuqori ekanligiga e’tibor qaratilgan. Bu omil bir makonda siyosiy, moliyaviy va korporativ kapitalning noyob konsentratsiyasini ta’minlaydi.
Anjumanda Markaziy Osiyo va Yevropa mamlakatlari yetakchilari, davlat va hukumat rahbarlari, shuningdek, nufuzli xalqaro tashkilotlar va ko‘p tomonlama taraqqiyot banklari rahbarlari qatnashishi kutilmoqda.
“Posolskaya jizn” nashri o‘z sharhi yakunida bo‘lajak TXIF-2026 anjumani O‘zbekistonning global investitsiya me’morchiligidagi rolini yanada mustahkamlash hamda xalqaro kapital bozorlariga integratsiyalashuvini kengaytirish yo‘lidagi navbatdagi muhim bosqich sifatida baholagan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi