Lutfi Elvan: Yangi O‘zbekiston – Markaziy Osiyoda barqaror taraqqiyot va yuksalishning eng yorqin namunasidir

Avgust 18, 2026. 14:00 • 2 daq

51
Lutfi Elvan: Yangi O‘zbekiston – Markaziy Osiyoda barqaror taraqqiyot va yuksalishning eng yorqin namunasidir

ANQARA, 18-avgust. /“Dunyo”/. Turkiya sobiq moliya vaziri, “Kalyon Holding” boshqaruv kengashi raisi o‘rinbosari Lutfi Elvan mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” AA orqali yurtdoshlarimizga o‘zining samimiy tabrigi va ezgu tilaklarini yo‘lladi.

– Birodar O‘zbekiston xalqini yaqinlashayotgan mustaqillik ayyomi bilan chin dildan muborakbod etaman.

Mamlakatda so‘nggi o‘n yil ichida “Yangi O‘zbekiston” g‘oyasi asosida amalga oshirilgan ulkan o‘zgarishlar hayratlanarli. Global beqarorlik hukm surayotgan bugungi sharoitda ham O‘zbekiston o‘z yo‘lidan og‘ishmasdan taraqqiyotga erishmoqda.

O‘zining beqiyos tarixiy va maʼnaviy merosiga tayangan bu diyor bugun barcha sohalarda keng qamrovli islohotlarni amalga oshirmoqda. Shu boisdan so‘nggi paytlarda mamlakat mintaqadagi eng muhim taraqqiyot markazlaridan biriga aylandi.

Iqtisodchi va Turkiyaning sobiq vaziri sifatida aytadigan bo‘lsam, mamlakatdagi o‘zgarishlar alohida eʼtirofga loyiq. Bunda, albatta, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi va tashabbuslari islohotlarning harakatlantiruvchi kuchiga aylanmoqda. Davlat rahbari boshchiligida valyuta bozorini erkinlashtirish bo‘yicha qabul qilingan qaror mamlakatning jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvida burilish nuqtasi bo‘ldi.

Shu bilan birga, keng qamrovli soliq islohoti, bank tizimining zamonaviy moliyaviy standartlar asosida qayta tashkil etilishi hamda xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar O‘zbekistonni xalqaro investorlar uchun ishonchli va barqaror investitsiya muhitiga ega mamlakatga aylantirdi.

O‘zbekistonning o‘zaro manfaatli, konstruktiv va insonparvarlik tamoyillariga asoslangan tashqi siyosati bugun mintaqada tinchlik va barqarorlikning muhim kafolatlaridan biri hisoblanadi. Qardosh o‘lkaning iqlim o‘zgarishi, barqaror rivojlanish va boshqa dolzarb global masalalar yuzasidan ilgari surayotgan tashabbuslari jahon hamjamiyati eʼtiboriga tushmoqda.

Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar yildan-yilga yanada mustahkamlanib borayotgani kishini quvontiradi. Tobora yuksalib borayotgan munosabatlarimiz yangi-yangi strategik loyihalarning hayotga tatbiq etilishiga zamin yaratayapti.

Yana bir bor qardosh O‘zbekiston xalqini istiqlol ayyomi bilan chin qalbimdan tabriklayman.

Mamlakatning tinch, farovon va porloq kelajak sari ezgu taraqqiyot yo‘li doimo bardavom bo‘lishini tilayman.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish