Ramona Nikol Menesku: O‘zbekiston yoshlari davlatning eng muhim resurslaridan biridir

Avgust 17, 2026. 11:30 • 3 daq

145
Ramona Nikol Menesku: O‘zbekiston yoshlari davlatning eng muhim resurslaridan biridir

BUXAREST, 17-avgust. /“Dunyo” AA/. Ruminiyaning sobiq tashqi ishlar vaziri, O‘zbekiston faxriy konsuli Ramona Nikol Menesku mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” AA orqali yurtdoshlarimizga o‘zining samimiy tabrigi va ezgu tilaklarini yo‘lladi.

– O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi nafaqat mamlakat erishgan yutuqlarni nishonlash, balki u boshidan kechirgan muhim o‘zgarishlarni mushohada etish uchun ham alohida ahamiyatga egadir.

O‘zbekiston o‘z suvereniteti va milliy o‘zligini mustahkamlab, bosqichma-bosqich dunyoga o‘z qudratini ko‘rsatmoqda. Bu borada so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlarga nazar tashlash kifoya. Iqtisodiyotni erkinlashtirish, sarmoyaviy muhitni takomillashtirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash O‘zbekistonning mintaqaviy va jahon miqyosidagi mavqeini sezilarli darajada oshirdi.

Ruminiya va O‘zbekistonni o‘zaro hurmat va o‘ttiz yildan ziyod tarixga asoslangan munosabatlar bog‘lab turadi. Ruminiya O‘zbekiston mustaqilligini 1991-yil 20-dekabrda tan olgan, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi diplomatik aloqalar esa 1995-yil 6-oktabrda rasman o‘rnatilgan.

Mamlakatlarimiz iqtisodiyotlari qator muhim yo‘nalishlarda bir-birini to‘ldiradi. Energetika, infratuzilma, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat xavfsizligi, farmatsevtika, sanoat ishlab chiqarishi, texnologiyalar, taʼlim va logistika kabi sohalarda ulkan salohiyat mavjud. Ushbu yo‘nalishlarda Ruminiya va O‘zbekiston kompaniyalari, ishbilarmon doiralari hamda sarmoyadorlari o‘rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish zarur.

Ruminiya Konstansa porti va Yevropa Ittifoqiga aʼzo davlat maqomi tufayli O‘zbekiston uchun Yevropa bozorlariga chiqishning muhim yo‘lini taqdim etishi mumkin. Ayni paytda O‘zbekiston Markaziy Osiyoning tobora muhim iqtisodiy markaziga aylanib bormoqda.

Shu bois, Markaziy Osiyo va Yevropa o‘rtasida yanada samarali transport va savdo yo‘laklarini rivojlantirish kelgusidagi iqtisodiy hamkorligimizning asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylanishi mumkin.

Munosabatlarimiz tobora kengayib bormoqda. Ruminiyada O‘zbekiston elchixonasining ochilishi yaqin sheriklikning navbatdagi qadami bo‘lishiga umid qilaman. Ruminiyada bu qaror juda ijobiy qabul qilingan bo‘lar edi. Buxarestdagi doimiy diplomatik vakolatxona xalqlarimiz o‘rtasidagi siyosiy muloqot, iqtisodiy diplomatiya, madaniy almashinuvlar, taʼlim sohasi va gumanitar aloqalarga qo‘shimcha turtki bag‘ishlaydi.

Iqtisodiy jihatdan jadal rivojlanayotgan Markaziy Osiyo mintaqasining Yevropa bilan hamkorlik qilishi mintaqalarimizni bog‘laydigan transport, energetika va savdo yo‘laklarini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

Tobora murakkablashib borayotgan bugungi kunda boshqa mamlakatlar bilan hamkorlikni kengaytirish alohida ahamiyatga ega. O‘ylaymanki, bu borada O‘zbekistonning roli tobora ortib borayapti.

O‘zbekistonning yosh avlodi davlatning eng muhim resurslaridan biridir. Taʼlim, kasbiy tayyorgarlik, ilmiy tadqiqotlar, texnologiyalar va tadbirkorlikka kiritilgan sarmoyalar mamlakatning uzoq muddatli raqobatbardoshligi uchun fundamental ahamiyatga ega bo‘ladi. Ruminiya bu jarayonda O‘zbekistonning yaqin hamkoriga aylanishi mumkin.

Ruminiya va O‘zbekiston universitetlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari va texnologik kompaniyalari o‘rtasida, ayniqsa, muhandislik, raqamli texnologiyalar, sunʼiy intellekt, kiberxavfsizlik, energetika, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot va sog‘liqni saqlash kabi sohalarda hamkorlik qilish uchun katta salohiyat mavjud.

Ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish, texnologiya va nou-xaularni tatbiq qilish, mahalliy salohiyatni rivojlantirish, malakali ish o‘rinlarini yaratish hamda yangi bozorlarga chiqishga ko‘maklashadigan sarmoyalar yuqori qiymatga ega bo‘ladi.

Barqaror rivojlanishning ahamiyati ham tobora ortib bormoqda. Iqtisodiy o‘sish tabiiy boyliklar, suv va energiya resurslarini masʼuliyat bilan boshqarish, ekologik toza texnologiyalar va yanada samarali infratuzilmaga sarmoya kiritish bilan birga kechishi lozim.

O‘zbekistonning asosiy resursi – uning xalqidir. Yosh, bilimli, tadbirkor va dunyo uchun ochiq avlod mamlakat taraqqiyotining keyingi bosqichidagi harakatlantiruvchi kuchga aylanishi mumkin.

O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston xalqi va rahbariyatiga eng ezgu tilaklarimni yo‘llayman. Yurtingizda doimo tinchlik va farovonlik hukm surishini tilayman.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish