Van Bo: Korporatsiyamizning O‘zbekistondagi loyihalari hajmi qariyb 2 milliard dollarga yetdi

Avgust 17, 2026. 08:10 • 3 daq

227
Van Bo: Korporatsiyamizning O‘zbekistondagi loyihalari hajmi qariyb 2 milliard dollarga yetdi

PEKIN, 17-avgust. /“Dunyo” AA/. Xitoydagi “China CAMC Engineering” korporatsiyasi boshqaruvi raisi Van Bo mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” AA orqali yurtdoshlarimizga o‘zining samimiy tabrigi va ezgu tilaklarini yo‘lladi.

– Bu yil O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi keng nishonlanadi. Ushbu yubiley Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Yangi O‘zbekistonni qurish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarning yangi bosqichi boshlanganiga o‘n yil to‘lishi bilan ham ahamiyatlidir.

Taraqqiyotning yangi tamoyillari asosida O‘zbekiston hayratlanarli o‘sish surʼatlarini namoyon etmoqda, jamiyat izchil rivojlanib, xalq farovonligi yuksalib bormoqda.

2017-yilda Yangi O‘zbekiston islohotlari ishga tushirilganidan buyon mamlakatda mutlaqo yangi ishbilarmonlik muhiti yaratildi. Bu esa iqtisodiy salohiyatning doimiy ro‘yobga chiqarilishi va taraqqiyotning harakatlantiruvchi kuchlari jadal to‘planishiga xizmat qilmoqda.

Rivojlanish tendensiyasini raqamlardan ham bilish mumkin. 2025-yilda O‘zbekistonning yalpi ichki mahsuloti 147 mlrd dollarga yetdi va jalb qilingan investitsiyalar hajmi 43,1 mlrd dollarni tashkil etdi.

Bugungi kunda dunyo uchun keng ochilgan O‘zbekiston barqaror rivojlanish va sarmoya kiritish nuqtai nazaridan jozibador mamlakatga aylandi.

Xitoy O‘zbekistonning sarmoyalar sohasidagi eng yirik hamkoriga aylandi va ularning umumiy hajmi 2025-yilda 18 mlrd dollarga yetdi.

Xalqaro kredit reytingi muttasil o‘sib, bozor salohiyati to‘liq ochilayotgan bugungi O‘zbekiston mintaqadagi sarmoyalar uchun eng jozibador muhitga aylandi. O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi yangi davrdagi har qanday ob-havoga chidamli har tomonlama strategik sheriklik munosabatlari tobora chuqurlashib, amaliy mazmun kasb etmoqda.

Kompaniyamiz O‘zbekistonda muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Biz mahalliy iqtisodiyotga chuqur integratsiyalashuv, o‘zaro manfaatdorlik va birgalikdagi g‘alaba tamoyillariga doimo sodiq qolamiz. Mamlakatdagi loyihalarimizning umumiy hajmi 2 mlrd dollarga yaqinlashmoqda.

Markaziy Osiyodagi eng yiriklaridan biri bo‘lgan Olimpiya shaharchasi qurilishi muvaffaqiyatli yakunlandi. Toshkent va Andijon shaharlarida qattiq maishiy chiqindilardan elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihalari jadal surʼatlar bilan qurilmoqda va bu “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi maqsadlarini amalga oshirishga sezilarli darajada ko‘maklashmoqda.

Biz “yashil” sanoat, energetika, transport aloqalari va raqamli texnologiyalar kabi asosiy yo‘nalishlarga eʼtibor qaratgan holda, “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining o‘zaro uyg‘un rivojlanishiga hissa qo‘shishda davom etamiz.

Mahalliy bozorda keng faoliyat yuritishni davom ettiramiz va O‘zbekistonning eng ishonchli hamda barqaror uzoq muddatli strategik sherigiga aylanish uchun bor saʼy-harakatlarimizni safarbar qilamiz.

O‘zbekistonga farovonlik, barqarorlik va mangu tinchlik doim yor bo‘lsin! Mamlakat xalqiga osuda va baxtli hayot, sihat-salomatlik va mo‘l-ko‘lchilik tilayman.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish