Rossiyada chet el fuqarolari uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tish tartibi o‘zgardi
Iyun 15, 2026. 09:00 • 2 daq
• 86
MOSKVA, 15-iyun /“Dunyo” AA/. Rossiya Prezidenti tomonidan imzolangan hujjatga ko‘ra, chet el fuqarolarining majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tishiga oid qonun-qoidalarga yangi o‘zgartirishlar kiritildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mamlakatimizning Rossiyadagi elchixonasi konsullik bo‘limining ma’lumot berishicha, 2026-yil 1-sentyabrdan boshlab Rossiyaga kirgan chet el fuqarolari 30 kalendar kuni ichida majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tishi shart bo‘ladi. Avval mazkur muddat 90 kunni tashkil etar edi.
Tibbiy ko‘rikdan o‘tishdan bosh tortish yoki bo‘yin tovlash 25 mingdan 50 ming rublgacha miqdorda jarima solinishiga sabab bo‘ladi. Shuningdek, mazkur talablarga rioya qilmaslik ma’muriy tartibda Rossiyadan chiqarib yuborishga olib kelishi mumkin. Jarima belgilangan muddatda to‘lanmagan taqdirda uning miqdori ikki baravarga oshiriladi va shaxs mamlakatdan majburiy tarzda chiqarib yuboriladi.
Shuningdek, xavfli kasalliklar mavjud emasligi haqidagi soxta tibbiy ma’lumotnomalarni tayyorlash va tarqatish uchun jinoiy javobgarlik ham joriy etildi.
Yuqoridagi yangi qoidalardan kelib chiqib, elchixona diplomatlari Rossiyada bo‘lib turgan vatandoshlardan amaldagi qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilishni so‘ramoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi