AQSH tinchlik bitimi bo‘yicha muzokaralarning birinchi bosqichidan so‘ng Eronga qarshi sanksiyalarni vaqtincha yumshatdi

Iyun 23, 2026. 18:30 • 3 daq

45
AQSH tinchlik bitimi bo‘yicha muzokaralarning birinchi bosqichidan so‘ng Eronga qarshi sanksiyalarni vaqtincha yumshatdi

VASHINGTON-TЕHRON, 23-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘tgan hafta erishilgan oraliq tinchlik bitimini amalga oshirish bo‘yicha dastlabki muzokaralardan so‘ng AQSH Eronga qarshi sanksiyalarni 60 kunga yumshatdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“AP” agentligining xabar berishicha, qaror 22-iyun kuni kuchga kirgan va u Tehronga 21-avgustgacha neft hamda neft mahsulotlarini eksport qilish, ular uchun to‘lovlarni qabul qilish imkonini beradi.

Eslatib o‘tamiz, AQSH va Eron vakillari o‘rtasidagi muzokaralar avvalroq Shveysariyaning Byurgenshtok shahrida Pokiston va Qatar vositachiligida bo‘lib o‘tgan edi. Ularning yakunlari bo‘yicha tomonlar 60 kun ichida doimiy bitim tuzish uchun “Yo‘l xaritasi”ni tayyorlashga kelishib oldi.

AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens muzokaralar yakuniy kelishuvga erishish uchun muhim zamin yaratganini ta’kidladi. Prezident Donald Tramp esa, o‘z navbatida, ijtimoiy tarmoqlarda Eron o‘zining “yadroviy halolligi”ni tasdiqlash uchun inspeksiyalarga rozi bo‘lishiga ishonch bildirib, kelishuvlar bajarilmagan taqdirda yuzaga keladigan oqibatlar haqida ogohlantirdi.

Biroq Tehron Amerika tomonining ayrim bayonotlarini inkor etdi. Eron TIV vakili Ismoil Bagaiy yadro dasturi bo‘yicha muzokaralar hali boshlanmaganini, shikastlangan yadroviy obyektlarni tekshirish uchun Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MAGATE) vakillari taklif etilmaganini hamda Shveysariyada agentlik rahbari Rafael Grossi bilan uchrashuvlar o‘tkazilmaganini ma’lum qildi.

Eronning BMTning Jenevadagi doimiy vakili Ali Bahrayniy muzokaralarda muhim ijobiy siljish kuzatilganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yaqin kunlarda sanksiyalarni bekor qilish va yadroviy faoliyat masalalari bo‘yicha ishchi guruhlar tuziladi. U, shuningdek, yadroviy masala muhokamasi dastlabki kelishuv qoidalari bajarilgandan keyingina boshlanishini qayd etdi.

Eron tomoni mamlakatning xorijdagi muzlatilgan aktivlarining bir qismi chiqarilishi mumkinligi haqida xabar berdi. Eron OAV ma’lumotlariga ko‘ra, gap har biri 6 milliard dollardan iborat ikki transhda ajratilishi mumkin bo‘lgan 12 milliard dollar xususida bormoqda.

Bundan tashqari, Tashqi ishlar vaziri Abbos Arakchi neft va neft-kimyo mahsulotlari eksportiga qo‘yilgan cheklovlarni yumshatish bo‘yicha kelishuvlarga erishilganini ma’lum qildi. Elchi Ali Bahrayniy esa Ho‘rmuz bo‘g‘ozi hech qanday yig‘imlarsiz ochilganini bildirdi.

Ayni paytda tomonlar o‘rtasida muzlatilgan mablag‘lardan foydalanish borasida kelishmovchiliklar saqlanib qolmoqda. Jey Di Vens mablag‘larning bir qismi Amerika qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini xarid qilishga yo‘naltirilishini aytdi. Eron Markaziy banki raisi Abdul Nosir Hemmatiy bunday majburiyatlar mavjudligini rad etdi.

Livandagi vaziyat muzokaralarning alohida mavzusiga aylandi. Ali Bahrayniyning so‘zlariga ko‘ra, Livan masalasi AQSH va Eron o‘rtasidagi oraliq bitimning bir qismidir.

Vositachilar, shuningdek, Isroil va “Hizbulloh” harakati o‘rtasidagi jangovar harakatlarni to‘xtatish mexanizmi hamda bugundan e’tiboran tanker tashuvlari faolligi tiklana boshlagan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali xavfsiz kema qatnovini ta’minlash choralari kelishib olinganini ham ma’lum qildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish