Oqtovda O‘zbekistonning turizm salohiyati namoyish etildi

Iyul 27, 2026. 09:00 • 2 daq

144
Oqtovda O‘zbekistonning turizm salohiyati namoyish etildi
Oqtovda O‘zbekistonning turizm salohiyati namoyish etildi
Oqtovda O‘zbekistonning turizm salohiyati namoyish etildi

OQTOV, 27-iyul. /“Dunyo” AA/. Qozog‘istonning Oqtov shahrida O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbir O‘zbekistonning Bosh konsulxonasi hamda “AKFA Medline” klinikasi hamkorligida tashkil etildi.

Unda 100 nafardan ortiq sayyohlik kompaniyalari, mehmonxona biznesi, tibbiyot muassasalari, mahalliy davlat idoralari, ishbilarmon doiralar, diplomatik korpus va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Taqdimot davomida O‘zbekistonda turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirish, tibbiy, guruhli va tranzit turizmi imkoniyatlari, shuningdek, xorijiy sayyohlar uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Shuningdek, Qozog‘iston va O‘zbekiston shaharlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar sayyohlar almashinuvini faollashtirishda muhim omil ekani ta’kidlandi. Ishtirokchilar Toshkentda tashkil etilgan tungi turizm ko‘chalari hamda 7–9-avgust kunlari Xiva shahrida o‘tkaziladigan “Qovun sayli” festivali haqida ham xabardor qilindi.

Tadbir yakunida tomonlar turizm sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish